2019 yil 19 oktyabr kuni “Telegram” ijtimoiy tarmoqlarida “GAI xodimi va haydovchisi o`rtasida tortishuv” nomli videotasvir tarqalgan edi, deya xabar bergan IIV Axborot xizmati.
Ushbu holat yuzasidan IIV Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan berilgan ma`lumotlarga ko`ra, 2019 yil 19 oktyabr kuni soat 13.30larda Chilonzor tumani Bunyodkor shoh ko`chasidagi “Shayx Muhammad Yusuf Muhammad Sodiq” masjidi qarshisida xizmat olib borayotgan yo`l-patrul xizmati inspektori davlat raqam belgisi 01 L 340 HA bo`lgan “Neksiya” rusumli avtomashina haydovchisi xavfsizlik kamarini taqmasdan boshqarib kelayotganligi uchun to`xtatgan.
O`z o`rnida inspektor haydovchiga o`zini tanishtirib, unga yo`l qo`ygan qoidabuzarligini tushuntirib, haydovchiga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 125-moddasiga asosan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirgan.
O`ziga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilganligidan jahli chiqqan haydovchi, tanishi uni bozorga borish maqsadida chaqirganligi ortidan yuz berganligidan ranjib, haqoratli so`zlarni aytgan va ular o`zaro tortishib ketishgan. YPX xodimlari esa ularni ajratib, o`zaro kelishtirib qo`yganlar.
Ushbu holatda haydovchi tomonidan inspektorlarga nisbatan hech qanday e`tiroz yoki qarshiliklar bo`lmagan.






