"Markaziy saylov komissiyasi joriy yil 22 dekabrda parlament va mahalliy kengashlarga bo`ladigan saylovlarda deputatlikka nomzodlarni ko`rsatishda siyosiy partiyalar ishiga mahalliy ijroiya hokimiyati organlari, hokimlar tomonidan aralashish holatlari bo`layotgani to`g`risida ijtimoiy tarmoqlardagi xabar va axborotlarga e`tibor qaratdi.
Markaziy saylov komissiyasi qayd etadiki, O`zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 37-moddasiga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod ko`rsatish huquqiga siyosiy partiyalar egadir. Bu huquq siyosiy partiyalarning mutlaq vakolati hisoblanadi.
Siyosiy partiyalarning deputatlikka nomzod ko`rsatish ishiga noqonuniy aralashish qonun bilan ta`qib qilinadi va javobgarlikka sabab bo`ladi, deya xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi Xalkaro matbuot markazi.
Markaziy saylov komissiyasi yuqoridagi kabi holatlar mavjud bo`lsa, asoslantirilgan faktlar bilan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilishingizni va bu to`g`rida Markaziy saylov komissiyasini xabardor qilishingizni so`raydi.
Shuningdek, ushbu holattlar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining 1197 raqamli “Ishonch telefoni”ga ham murojaat qilishingiz mumkin."






