AsosiyJamiyat

O`zbek tiliga doimiy propiska berilarmikin?

'O`zbek tiliga doimiy propiska berilarmikin?'ning rasmi

Bugun o`zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yillik yubileyi keng nishonlandi. Prezident ishtirokida davlat tadbiri bo`lib o`tdi. Agar 90-yillarning boshida bo`lgan bo`lmasa, unda esimni taniganimdan buyon o`zbek tiliga oid tadbirda shaxsan davlat rahbari ishtirok etganini eslolmayman. Bunisi menimcha, birinchi marta.

Prezident o`z nutqida o`zbek tilining mavqeini oshirish kerakligi haqida so`zladi. 21 oktyabr «O`zbek tili bayrami kuni» deb e`lon qilindi. Vazirlar Mahkamasi huzurida Atamashunoslik komissiyasi tuziladigan bo`libdi.

Xullas, faqat va faqat odamga umid beradigan yaxshi gaplar. Prezident matbuot xizmatining ta`biri bilan ta`kidlasak, «ona tilimiz fidoyilari, butun xalqimiz bu xushxabarni katta xursandchilik bilan qarshi oldi».

 Endi shu gaplar amaliyotga ham ko`charmikin? Chunki amaliyotda o`zbek tilining ahvoli havas qilgudek emas.

Respublika darajasidagi aksariyat davlat tashkilotlarida ish yurituv faqat rus tilida. Qonunlar va qonunosti hujjatlar odatda rus tilida yoziladi, keyin o`zbek tiliga tarjima qilinadi. Ayrim tashkilotlar normativ-huquqiy hujjjatlar loyihalarini uyalmasdan faqat rus tilida e`lon qilishadi, xuddiki rus tilini bilmaydigan o`zbeklarga bu qonunlar taalluqli emasdek. Yirik tadbirlar rus tilida boshlanib, rus tilida tugaydi. Hamma o`zbekcha gapiradigan joyda ham qaysidir amaldor albatta ruscha ma`ruza qilishga harakat qiladi. Tashkilotlar bir-biriga rus tilida xat yozadi. Javobni ham rus tilida olishni istaydi.

Ko`chalar va internet rus tilidagi reklama bannerlari bilan to`lib-toshgan. Toshkentku mayli, hatto viloyatlar va chekka tumanlarda ham ruscha banner joylashtirish odatga aylangan. A, baraka topgur, u erda faqat o`zbeklar yashaydiku, deyarli butun tuman o`zbek tilida gaplashadiku, deb o`zlariga savol berishmaydi.

O`zbek tilini xuddi Toshkentda yashayotgan, lekin doimiy propiskasi yo`q viloyatlikka o`xshataman. Ya`ni u o`z puliga uy sotib olgan, ammo propiskasi yo`qligi uchun birovning nomiga uyni rasmiylashtirishga majbur bo`lgan. Qonunchilikka ko`ra, o`sha uyda yashashi uchun ijara shartnomasi ham tuzib qo`ygan. Shu sababli u o`z puliga sotib olgan uyda o`zi ijarada yashashga majbur. O`z uyida o`zi xo`jayin emas.

O`zbek tili ham o`z uyida ijara yashayotganga o`xshaydi xuddi. Ba`zan ayrim masalalarni kuzatib, beixtiyor shunaqa fikr paydo bo`ladi.

Bugungi xabarlar ortidan vaziyat yaxshi tomonga o`zgarishiga ilinj paydo bo`ldi. Buning uchun o`nlab qonun, farmon va qarorlar qabul qilinishi o`z yo`liga, lekin eng asosiysi yuqoridan kuchli xohish va siyosiy iroda bo`lishi kerak edi.

Tez orada o`zbek tiliga doimiy propiska beriladi va o`z uyida o`zi xo`jayin bo`lib yashaydi, degan umiddamiz.

Muallif: Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev

    Boshqa yangiliklar