Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov o`zining Feysbukdagi sahifasida o`zbek tili uchun ham IELTS baholash tizimini yaratish bo`yicha loyihada ishtirok etishni istagan mutaxassislarni hamkorlikka taklif qildi.
«Tilni o`rganishda nafaqat grammatika balki hayotda u tildan foydalanish uchun ko`nikmalar hosil qilish juda muhim. Lekin, shu vaqtgacha IELTSdagi kabi barcha 4 ta ko`nikmani xolis baholaydigan tizim o`zbek tili uchun yaratilmagan. Agar uni yo`lga qo`ysak o`quvchilarimizning o`zbek tilini yanada yaxshiroq o`rganishga, yaxshiroq o`qib tushunishga, ravon gapirishga, o`z fikrlarini bemalol yozma ifoda etishga imkoniyat yaratamiz. Yaxshi ishonchli tizim yaratilsa uni keyinchalik Davlat test markazi bilan hamkorlikda oliy ta`lim muassasalariga ham kirish imtihonlarida joriy qilsa bo`ladi.
Hozir bu 4 ta ko`nikmani ingliz tilida baholash uchun xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda kompyuterdagi test tizimi ham yaratilgan. Lekin bu tizimdan o`zbek tilidagi ko`nikmalarni baholashda foydalanish uchun o`zbek tili mutaxassislari, ayniqsa test tuzish bo`yicha mutaxassislar kerak. Biz shunday mutaxassislarni izlayapmiz.
Agarda sizning ham aynan shunday kuchli mutaxassis tanishlaringiz bo`lsa, bizga albatta xabar bering. Ushbu postga izoh qilib ularning kim ekani, qaerda ishlashi, qolaversa ularning ijobiy tajriba va natijalari haqida tavsiya bersangiz, biz ularni saralab olib ekspertlardan iborat ishchi guruhini tuzamiz va o`zbek tilini baholashning yangicha tizimini yaratamiz. Kuchli ekspertlarga qilgan ishlari uchun tegishli mablag` ajratiladi.", deyiladi postda.
Vazirning feysbukdagi sahifasiga kecha ko`yilgan postga hozirga qadar 179 nafar kuzatuvchi sharh yozgan, 139 nafari boshqa foydalanuvchilarga ulashishgan. Demak tilimizga e`tiborlilar, uni haqiqiy davlat tili maqomiga erishishi uchun bel bog`lagan mutaxassislar kam emas.






