AsosiyJamiyat

Deputat OTMlardagi o`zgartirishlarni yoshlarga nisbatan adolatsizlik deb atadi

'Deputat OTMlardagi o`zgartirishlarni yoshlarga nisbatan adolatsizlik deb atadi'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev o`zining telegramdagi kanalida oliy ta`lim muassasalari talabalariga stipendiya to`lash tartibi va miqdorlari to`g`risidagi o`zgartirishlar yuzasidan o`z munosabatini yozib qoldirdi. Quyida o`sha postning to`lagicha keltirmoqdamiz.

"Joriy yil talaba yoshlar uchun haqiqiy sinov davri bo`ldi. To`lov kontrakt miqdorining va`dadan ko`ra ko`proq oshirilishi, stipendiyaning baholar kesimida emas, bir xil 400 ming so`m miqdorida belgilanishi bo`lajak ziyoli yoshlar o`rtasida keskin norozilik keltirib chiqardi.

Bu tabiiy. Yoshlarning e`tirozlari to`liq asosga ega. Chunki ular nomardlik qilishmadi, ko`plari yaxshi o`qidi, izlandi, intildi, talabalik va`dasini bajardi.

Muhokamalar avjida payti normativ huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga qo`yilgan va shu yilning 23 sentyabrdan 6 oktyabrgacha muhokama etilgan “Oliy ta`lim muassasalari talabalariga stipendiya to`lash tartibi va miqdorlari to`g`risida”gi Vazirlar Mahkamasi Qarori loyihasi bo`yicha hamon qaror qabul qilingani yo`q. Nima uchun? Bu loyiha bo`yicha deyarli barcha taklif va munosabatlar salbiy ekanligi bilan bog`liqmi yoki shunchaki ma`lum vaqtgacha yoshlarning hovurni bosish uchun qilingan chalg`ituvchi “manevrmi”?

Shuncha e`tiroz, shuncha ovoz, shuncha savollarni ko`rib turib tana boshqa dard bilmas, deganlaridek talabalikning bugungi qiyinchiliklarini boshidan o`tkazmayotgan, o`z davrida qulay sharoit, imtiyoz va kerak bo`lsa kontrakt to`lovisiz oliy ta`lim olib, bugun bu kabi qarorlarni ishlab chiqishda mutaxassis bo`lib o`tirgan kishilar uzoq viloyatdan yo`lkirasiga arang pul topib o`qiyotgan yoshning dardini qayoqdan ham bilsin, degan xulosa paydo bo`lmoqda. Xuddi shunday: oliy ta`lim mas`ullari talabalikning “sovug`ini emagan”, yoshlarning dardini tushunmaydigan hissiz kishilar ekanligini kundan-kun oydinlashmoqda. Yana bilmadim.

Non narxi oshgan shu kunlarda ayrim oliy o`quv yurtlarida yaxshi o`qib, yaxshi stipendiya olib yashagan talabalar endilikda 400 ming so`m stipendiya etmayotganligi bois, “tirikchilik” dardida dars qoldirib “nb”chilar safiga qo`shilib borayotganini eshitib, asablar tarang bo`lib bormoqda. Ertaga bu “nb” sabab uning talabalar safidan chiqmasligiga, “nb”ni yopish uchun domlaga topganini qistirmasligiga, eshikma-eshik sarg`ayib bilimsiz kadr bo`lmasligiga kim kafolat beradi? Innovasion g`oyalar, takliflar bisyor bir vaqtda nahotki “domlalar”ning ahvolini yahshilashning bundan boshqa yo`li yo`q.

Nima bo`lganda ham kelajak egalari – yoshlar oldida insofsizlik, adolatsizlik, befarqlik va notenglikning yaqqol ko`rinishi bo`ldi bu.

Bir haqiqatni unutmaylik: toki shuncha e`tiroz va dardini aytgan yoshlarning dardiga quloq tutmas ekanmiz ulardan vatanparvarlikni talab qilib, yaxshi o`qishga, yurt kelajagi uchun vijdonan mehnat qiladigan kadr bo`lishga da`vat qilishga ham haqqimiz ham yo`q. Buni yoddan chiqarmaylik.

Parlament va masalaga befarq bo`lmagan barcha darajadagi xalq vakillari deputatlar, faollar esa oliy ta`lim mas`ullarining bu ishlarini yuqori darajada muhokama qilishi, mantiqsiz va noto`g`ri qaror qabul qilinishiga sabab bo`lganlarning harakatlariga xalq nomidan munosib baho berishi shart."

 

    Boshqa yangiliklar