Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi vakili Sherzod Sultonovning ma`lum qilishicha, “Mastercard” moliya tashkiloti va “CrescentRating” agentligi e`lon qilgan hisobotga ko`ra, O`zbekiston musulmon ayol sayyohlar uchun eng qulay mamlakatlar qatoridan o`rin oldi. Unga ko`ra, musulmon ayollar sayohati jahon turizm bozorida eng tezkor rivojlanayotgan segmentlardan hisoblanadi.
Musulmon o`lkalardagi xotin-qizlarning daromadlari oshib borayotgani va ularning ta`lim darajasi yuqorilayotganligi sayohatga bo`lgan qiziqishini oshirmoqda.
Ekspertlarga ko`ra, xavfsizlik va diniy ibodatlar, jumladan, islomiy liboslarga bo`lgan bag`rikenglik musulmon ayol sayyohlar uchun eng muhim ahamiyatga ega ikki o`lchov hisoblanadi.
2019 yilning 17 oktyabr kuni Singapurda o`tkazilgan “Halal in Travel Asia” sammiti doirasida e`lon qilingan hisobotga muvofiq, O`zbekiston Islom hamkorlik tashkiloti (IHT)ga a`zo mamlakatlar orasida xavfsizlik va diniy bag`rikenglik bo`yicha yuqori o`rinni egallagan mamlakatlar o`ntaligidan joy olgan.

Qatar, Ummon, Bruney, Turkiya, BAA, Kuvayt va Maldiv davlatlari navbat bilan ro`yxatning yuqori o`rinlarini zabt etgan. O`zbekiston ushbu ro`yxatning sakkizinchi o`rnidan joy olgan bo`lsa, Indoneziya va Malayziya undan keyingi o`rinlarda kelgan.
“Muslim Women in Travel 2019” hisoboti musulmon ayollar sayohatiga oid jahon miqyosidagi ilk tadqiqot bo`lib, unda asosan Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan 3300 nafar musulmon ayol ishtirok etgan.






