So`nggi 5 yil davomida Jahon banki va Xalqaro moliya korporasiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O`zbekiston Respublikasining reytingi 2 baravardan ortiq yaxshilanib, mamlakatimiz jahonning 190 ta mamlakati orasida 2012 yildagi 166-o`rindan 2018 yilda 76-o`ringa ko`tarildi, deya xabar berilmoqda.
“Biznesni yuritish” reytingi jami 10 ta indikator bo`yicha baholanadi. Shulardan eng birinchisi, bu – biznesni ro`yxatdan o`tkazish indikatoridir.
Bilamizki, har bir tadbirkorning o`z faoliyatini boshlashi uchun qo`yadigan ilk qadami tadbirkor sifatida davlat ro`yxatidan o`tishdir.
Mustaqilligimizning dastlabki yillarida korxonalarni davlat ro`yxatidan o`tkazish 10 kungacha muddatda amalga oshirilib, 7 turdagi hujjatlar talab qilingan.
2017 yil 1 apreldan boshlab tadbirkorlik sub`ektlarini davlat ro`yxatidan o`tkazish va hisobga qo`yishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilib, ro`yxatdan o`tkazish real vaqt rejimida, lekin 30 minutdan oshmagan vaqtda amalga oshirilishi belgilandi.
Natijada, 2018 yil yakuni bo`yicha Jahon bankining e`lon qilingan reytingi bo`yicha mamlakatimiz biznesni ro`yxatdan o`tkazish indikatori bo`yicha 190 ta mamlakatdan 12-o`ringa munosib deb topildi.
Jahon banki va Xalqaro moliya korporasiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O`zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining bir qator qarorlari qabul qilindi.
Mazkur qarorlar bilan mamlakatimiz reytingini yaxshilash bo`yicha “Yo`l xaritalar” tasdiqlanib, chora-tadbirlar belgilandi.
Xususan:
- tadbirkorlik sub`ektlarining yagona reestridagi barcha ma`lumotlari bilan Internet tarmog`i orqali tanishib chiqish imkoniyati yaratildi;
- tadbirkorlik sub`ektlarini ro`yxatdan o`tkazish bilan bir vaqtda onlayn hisob-raqamlar ochish imkoniyati yaratildi;
- muhr va shtamplardan foydalanish talabi hamda tadbirkorlik sub`ektlarining ustav fondiga qo`yilgan minimal talablar bekor qilindi;
- davlat ro`yxatidan o`tkazish eksterritorial tamoyil asosida yo`lga qo`yildi;
- xorijiy investisiya ishtirokidagi korxonalarning ustav fondiga bo`lgan minimal talablar kamaytirilib, 400 mln. so`m etib belgilandi;
- xorijiy ishtirokchining faqat yuridik shaxs bo`lishiga doir talab bekor qilinib, ularning ulushi 30 foizdan 15 foizga kamaytirildi.
Amalga oshirilgan mazkur sa`y-harakatlar natijasida 2019 yil yakuni bo`yicha Jahon bankining e`lon qilingan “Biznesni yuritish” reytingining “biznesni ro`yxatdan o`tkazish” indikatorida O`zbekiston Respublikasi 4 pog`onaga ko`tarilib, 190 ta davlatlar ichida 8-o`rinni egalladi.