Saudiya Arabistonida sud mahkamasi tomonidan Raif Badaviy ismli blogerga jazo tariqasida 10 yil qamoq va 1000 darra qamchilash jazosi ijrosini amalga oshirish boshlandi. Qamchilash jazosi haftasiga 50 darradan sekin-asta amalga oshiriladi, deb xabar beradi kun.uz “Bi-bi-Si” kanaliga asoslanib.
Jazolanuvchi Badaviyga bu hukm 2014 yilning mayida chiqarilgan edi. Badaviy “Liberal saudiya tarmog`i” (Liberal Saudi Network) deb nomlangan taqiqlangan veb-saytning asoschisi hisoblanadi. Xalqaro huquqni himoyalash tashkilotlari va guruhlari Badaviyga chiqarilgan hukmni qoralashdi. Uning afv etilishini AQSh hukumati ham so`ragan. Xususan, 8 yanvar kuni AQSh Davlat departamenti Jen Psaki saudiyalik hukmron doiralarni “o`zining beshafqat jazosini” bekor qilishini hamda ishni yangidan ko`rib chiqishlarini so`ragan.
Bu jazodan tashqari, Badaviy 1 mln saudiya riali miqdorida (266 ming dollar atrofida) jarima puli ham to`lashi lozim.
2012 yilda hibsga olingan Badaviy, shuningdek, dindan qaytishda ham ayblangan. Bu jinoyat uchun Saudiya Arabistonida o`lim jazosi belgilangan. Biroq Badaviyga chiqarilgan bu jazo keyinchalik bekor qilingan.
Badaviyning hibsga olinishiga uning jurnalistik faoliyati sabab bo`lgan. U o`zining blogida din masalalarini muhokama etgan, mamlakat oliy diniy tashkilotini tanqid ostiga olgan. Uning saytida shuningdek, siyosiy mahbuslarni ozod qilish chaqiriqlari chop etilgan.
Badaviy hibsga olinishi bilan uning sayti o`chirib qo`yilgan, barcha asbob-uskunalar musodara qilingan.