“Yoshim 45 da. Keyingi paytda etim titrab, issiq kunda ham sovqotadigan bo`lib qoldim. Bu biron kasallik alomatimi?”
Vazira, Samarqand viloyati
Ekspert: Iroda Sodiqova, endokrinolog
— Doimiy sovqotishning sabablari juda ko`p. Ammo bu har doim ham kasallik belgisi bo`lmaydi. Xo`sh, qanday hollarda kishining eti junjikishi yoki oyoq-qo`li muzlashi kasallik alomati bo`lishi mumkin?
Kamqonlik.Organizmda qizil qon tanachalari kamayganda kamqonlik yuzaga keladi. Buning alomatlari — holsizlik, tez charchash, bosh aylanishi, hansirash, doimiy sovqotish.
Gipotireoz. Bu qalqonsimon bez faoliyati pasayishi, gormonlar etishmasligi bilan bog`liq xastalik bo`lib, asosiy belgilari doimiy sovqotish, soch va tirnoq sinuvchanligi, holsizlik, stressga moyillik kabilar. Bunda gormonlar etishmasligi bois moddalar almashinuvi sekinlashadi va tanani qizdirishga quvvat etishmaydi.
Buyrak xastaligi.Buyraklar o`z vazifasini yaxshi bajara olmasa organizmda zararli moddalar ko`p to`planadi. Bu tana harorati pasayishiga sabab bo`ladi. Shu sababli odam ko`p sovqotadi.
II turdagi diabet.Nazorat qilinuvchi (diabetik nevropatiya)daasab to`qimalarining muntazam zo`riqishi tufayli doimiy sovqotish, qo`l-oyoqlar og`rishi, jimirlashi kabi sezgilar paydo bo`ladi. Bu holat asta-sekinlik bilan rivojlanadi va bemor bu haqda ancha paytgacha bilmay qolishi mumkin.
Arteriya qon tomirlari kasalligi. Periferik arteriyalar xastaligi atroskleroz alomatidir. Ateroskleroz – qon tomirlarda yog`li tiqilmalar to`planishi. Bu kasallikda oyoqdagi periferik arteriya qon tomirlari torayadi. Agar bir oyoq ikkinchisidan sovuq bo`lsa va u jimirlab, hissiyot yo`qolsa, bu ateroskleroz belgisi sanaladi.