Bishkek tuman sudi Qirg`izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboevning hibsda ushlab turilishini 2 oy, ya`ni 26 dekabrgacha uzaytirdi. Bu haqda Atamboevning advokati Sergey Slesarev ma`lum qildi.
Uning ta`kidlashicha, Atamboevga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida 26 oktyabrgacha hibsga olish qo`llangandi. Endi esa bu chora 26 dekabrgacha uzaytiriladi.
Atamboev hozirda Qirg`iziston milliy xavfsizlik davlat qo`mitasining tergov izolyatorida saqlanmoqda.
Atamboev bir qator ayblovlar, jumladan ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, garovga olishni tashkillashtirish, jinoyatchi Aziz Batukaevning turmadan noqonuniy ozod qilinishidagi korrupsiya, Bishkek issiqlik elektr stansiyasini rekonstruksiyalashdagi korrupsiya, Qo`y-Tosh qishlog`i va Issiq-ko`l viloyatida er maydonlarini noqonuniy o`zlashtirishda gumon qilinmoqda.






