"Kelinim homilador. Unga shifokorlar shu oyda tug`ishini aytishgan. Ammo ular aytgan vaqtdan 1 hafta o`tdi. O`zi homila necha haftada tug`ilishi kerak. Vaqti o`tib ketsa nima qilish lozim?""
Zamira, Farg`ona shahri
Muxlisamizning savoliga ginevolog Jamila Alieva javob berdi:
–Homiladorlik o`rtacha 40 hafta yoki 10 akusherlik oyligi davom etishi hisobga olinib, homiladorlik muddati 40 haftaga etgan kun taxminiy tug`ish vaqti deb hisoblanadi. Homila aslida 37 haftadan boshlab etiladi va tug`ilishga tayyor bo`ladi. Ushbu muddatda tug`ilgan homila etilgan homila hisoblanadi. Homiladorlik muddati to`liq 41 haftadan oshsa, muddatidan o`tib ketayotgan homiladorlik hisoblanadi. Yo`ldoshning qarishi va qon o`tkazuvchanligi buzilishini e`tiborga olib, bundan katta muddatda homiladorlikni sun`iy to`xtatish tavsiya etiladi. Chunki muddatidan o`tgan homiladorlikda homilaning ona qornida vafot etishi ko`p uchraydi.
Yuqoridagilarni e`tiborga olgan holda shifokor belgilagan taxminiy tug`ish kunidan 3 hafta oldin va ikki hafta keyingi muddatlarda tug`ilgan bola o`z vaqtida tug`ilgan hisoblanadi. 37 haftagacha tug`ilgan chaqaloq etilmagan, 42 hafta va undan keyin tug`ilgani muddatidan o`tib ketgan deb sanaladi.
Ushbu holatda homilador ayolni ko`rikdan o`tkazayotgan ginekolog shifokorga uchrashib, tug`uruq echimi bo`yicha maslahat olish talab etiladi.