Savol: "Mening yurak urishim (puls) pasaygan, biroq kardiologning aytishicha vaziyat dori ichadigan darajada jiddiy emas. Ammo bu holat vaqti-vaqti bilan menga noqulaylik tug`dirmoqda. Bu noxushlikni xalq tabobati vositalari yordamida engsa bo`ladimi?”
Muazzam, Chirchiq shahri.
Oliy toifali shifokor Yorqinoy TOShPO`LATOVA javob beradi:
–Yurak urishi sustligi bradikardiya deyiladi. Bu kamharakatlikda, qon quyulganda, quvvatsizlikda yoki boshqa bir qator yurak-qon tomir xastaliklarida kuzatilishi mumkin. Ushbu holatning asl sababini sizni tekshirib ko`rgan shifokor aniqlaydi. Agar yurak sust urishi biron jiddiy kasallik alomati bo`lmasa jismoniy mashqlar, qahva yoki maxsus damlamalar yordamida yurak urishini maromiga keltirish mumkin.
Sizda yurak qisqarishlari chastotasi bir daqiqada, 55 zarbadan kam bo`lsa, u holda ushbu tavsiyani qo`llab ko`rishingiz mumkin.
10 dona limon sharbatini siqib oling, 10 dona sarimsoqni maydalang, ularni bir litr toza asal bilan yaxshilab aralashtirib, shisha bankaga soling va 10 kun salqin, qorong`i joyda saqlang. Aralashmani kunora qo`zg`ab turing. Tayyor bo`lgan malhamni har kuni ertalab nonushtadan 30 daqiqa oldin bir osh qoshiqda asta-sekin shimib qabul qiling. Muolaja toki malham tugaguncha davom etadi. Muolajani bir yildan so`ng takrorlang.