AsosiySalomatlik

Qorin quldurashining chorasi bormi?

'Qorin quldurashining chorasi bormi?'ning rasmi

Savol: “Negadir keyingi paytlarda qornim ko`p quldurayapti. Buning sababi nima? Uni bartaraf qilish mumkinmi?”

Nurbek, Xorazm viloyati.

Oliy toifali shifokor Yorqinoy Toshpo`latova javob beradi:

–Qorin quldurashi bir qator sabablar masalan, parhezning buzilishi, hazm qilish a`zolari faoliyatidagi nosozliklar, hatto asab tizimi kasalligi – nevroz tufayli ham paydo bo`lishi mumkin. Quldurash sababini shikoyatlarga qarab (jig`ildon qaynaydimi, sutkaning qaysi paytida kuzatiladi, uni nima qo`zg`atishi mumkin va hokazo) faqatgina shifokor aniqlaydi. 

Bunday alomatlarning eng ko`p sababi gaz hosil qiluvchi mahsulotlar hisoblanadi. Bularga dukkaklilar, turp, karamning barcha turlari, kartoshka, shovul, uzum, xom piyoz, sholg`om, yangi sog`ilgan sut, qora non kabilar kiradi. 

Bu muammoni bartaraf etish uchun ovqatlanish tartibiga rioya qiling: har doim bir xil vaqtda ovqatlaning, taomlanish oralig`i juda uzoq bo`lmasligi kerak. Ortiqcha gaz hosil qiladigan mahsulotlar iste`molini cheklang, nordon gazlangan ichimliklarni kamroq iching. Tarkibida oqsil bo`lgan mahsulotlar: go`sht, baliq, tvorog, qatiq va boshqalarni eyishga harakat qiling. 

Har qanday noto`g`ri tutilgan parhez hazm qilish a`zolari ishini buzadi. Ovqatni kam-kamdan yaxshilab chaynab, shoshilmasdan eyish kerak. Ovqatlanish paytida asabiylashmaslik muhim. Va, albatta, jiddiy kasallik yo`qligini bilish uchun gastroenterolog shifokorga murojaat qilish zarur.

 

Boshqa yangiliklar