AsosiyDunyo

Turkiyaning Suriyadagi operasiyasi Evropaning asl «yuzini» fosh qildi

'Turkiyaning Suriyadagi operasiyasi Evropaning asl «yuzini» fosh qildi'ning rasmi

Evropa kuchlari Turkiyani Suriyada olib borayotgan amaliyotlari sababli ayblamoqda, ammo shuncha payt davomida ayni shu Evropa davlatlari Saudiyaning Yamandagi jinoyatlariga ko`z yumgan edi, deya xabar berilmoqda aljazeera.comga tayanib.

Ma`lumki, joriy yilning 9 oktyabr kuni Turkiya Suriya shimoli-sharqida harbiy operasiya boshladi. Bundan maqsad chegara hududidan terroristik unsurlarni Frot daryosining sharqigacha surib chiqarish va 3,6 million suriyalikni joylashtirish uchun 30 km kenglikdagi «xavfsiz zona» yaratishdir.

Rasmiy Anqara nishonga olinayotgan Kurd xalq mudofaa otryadlari (YPG)ni ko`p yillar davomida Turkiya davlatiga qarshi muxtoriyat uchun qurolli kurash olib borgan Kurdiston Ishchi Partiyasining davomchilari sifatida ko`rmoqda.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog`an G`arblik hamkorlariga avval boshdanoq har qanday vaziyatda ham YPG’ni shimoli-sharqiy suriya hududida uzoq muddatga qolishiga imkon bermasligidan ogohlantirgan edi. Va oxir-oqibatda Anqara uchun YPG’ga qarshi harbiy amaliyotlar hayotiy zaruriyatga aylandi.

Buning natijasida Evropa Ittifoqi nafaqat bu amaliyotlarni qoraladi, balki Turkiyaga qarshi BMT xavfsizlik kengashi bayonoti qabul qilinishga harakat qildi. Ammo bu harakatlar Rossiya va AQShning oppozisiyasi tufayli amalga oshmay qoldi.

Turkiyaning “butun mintaqada tinchlik va barqarorlikka tahdid solayotganlikda” ayblab, unga nisbatan sanksiyalar joriy qilish niyatidagi Evropa Yamandagi 10 minglab tinch aholi halok bo`layotgan urushga javobgar bo`lgan Saudiyaga nisbatan hech qanday e`tiroz bidirmayapti va qurol-yarog` savdosini davom ettiryapti.

Evropaning 2008 yilda qurol-yarog` eksporti siyosatiga ko`ra, a`zo davlatlar xalqaro insonparvarlik huquqi va inson huquqlari kabi kriteriyalarga ko`ra import qiluvchi davlatni baholaydilar. BMT ekspertlari Saudiya Arabistonini Yamanda inson huquqlarini buzgan deb topgan ekan, demakki Evropa qirollikka qurol eksportini to`xtatishi kerak edi. Ammo, bu kabi ta`qiqlar amalga oshirilmadi.

Eslatib o`tish joizki, Saudiya Gemaniyaning qurol-yarog` sanoatining ikkinchi eng yirik importyori hisoblanadi.

    Boshqa yangiliklar