AsosiyJamiyat

FHDYodan beriladigan arxiv hujjatlari endi Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi

'FHDYodan beriladigan arxiv hujjatlari endi Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi'ning rasmi

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan arxiv hujjatlarini berish bo`yicha davlat xizmati ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqida O`zA ma`ul qildi.

Mazkur hukumat qaroriga ko`ra, jismoniy shaxslarga Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan arxiv hujjatlarini berish bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamentiga muvofiq yangi tartib kuchga kirdi. Ya`ni fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish va notarial organlar sohasida hamda rasmiy hujjatlarga apostil qo`yish Davlat xizmatlari markazi yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali amalga oshiriladigan bo`ldi. 

“Reglament jismoniy shaxslarga FHDYo bo`limlari arxivlari tomonidan tug`ilganlik, nikoh tuzilganligi, o`lim hamda nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlari mavjud yoki mavjud emasligi to`g`risidagi ma`lumotlarni berish bo`yicha davlat xizmati ko`rsatish tartibini belgilaydi, – deydi Davlat xizmatlari agentligi Farg`ona viloyati boshqarmasi bo`lim boshlig`i Shahnoza Imomova. – Davlat xizmatlari markazlari va FHDYo organlari o`rtasida axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni majburiy tartibda faqat idoralararo elektron o`zaro bog`lanish yordamida amalga oshiriladi. Soddaroq qilib aytganda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan so`rovnomani belgilangan tartibda elektron tarzda to`ldiradi. So`rovnomaga zarur ma`lumotlar rasmiylashtirilgandan so`ng arizachi uni o`z elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi. Shundan so`ng, barcha hujjatlar 10 daqiqa mobaynida tegishli FHDYo organiga elektron shaklda yuboriladi. FHDYo organi so`rovnoma tushgan vaqtdan boshlab 1 ish soati mobaynida matrik shtrixli kod qo`yilgan ma`lumotnomani rasmiylashtiradi hamda tegishli Davlat xizmatlari markaziga yuboradi. So`rovnomada so`ralayotgan ma`lumotlar FHDYo organida mavjud bo`lmaganda FHDYo organi so`rovnomani tegishli ravishda viloyat FHDYo arxivlariga yuboradi va Davlat xizmatlari markazini elektron tarzda xabardor qiladi. Bunda Davlat xizmatlari markazi ariza beruvchiga axborot-kommunikasiya tizimi orqali xabar beradi. Bu yangi tartib esa fuqarolarning bir necha idoralar o`rtasida sarson bo`lmasligini ta`minlaydi.

E`tiborli jihati shundaki, viloyat FXDYo arxivlari so`rovnoma tushgan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida ma`lumotlarni tegishli FHDYo organlarida mavjud yoki mavjud emasligini aniqlab, matrik shtrixli kod qo`yilgan ma`lumotni rasmiylashtirib tegishli Davlat xizmatlari markaziga yuboradi. Markaz esa shu ma`lumotnomani 10 daqiqa ichida zudlik bilan ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi. Davlat xizmatlari markazlari va FHDYo organlari o`z faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan ma`lumotlarni sir saqlanishini ta`minlaydi.

    Boshqa yangiliklar