Prezident tomonidan "O`zbekiston Respublikasida regbi sport turini rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi qaror qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq, har bir ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarida regbi bo`limlari ochiladi.
✅ Shuningdek, regbi bo`yicha sport musobaqalarini o`tkazishning quyidagi to`rt bosqichli tizimi joriy etiladi:
👉 birinchi bosqichda – sport klublari, seksiyalari jamoalari o`rtasidagi sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok);
👉 ikkinchi bosqichda – sport klublari, seksiyalari o`rtasidagi musobaqalarda g`olib chiqqan jamoalar o`rtasida tuman (shahar) sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok);
👉 uchinchi bosqichda – tuman (shahar) sport musobaqalarida g`olib chiqqan jamoalar o`rtasida hududiy sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok);
👉 to`rtinchi bosqichda – hududiy sport musobaqalarida g`olib chiqqan jamoalar o`rtasida respublika sport musobaqalari (chempionat, birinchilik, kubok) tashkil etiladi.
Bundan tashqari, qaror bilan 2019-2022 yillarda respublikada regbini yanada kompleks rivojlantirish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
O`zbekiston regbi federasiyasi, uning hududiy bo`linmalari, professional regbi klublari O`zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan regbi sport uskunalari, inventar va maxsus professional sport anjomlarini olib kirganlik uchun 2023 yil 1 yanvarga qadar bojxona to`lovlaridan ozod etiladi.
2020/2021 o`quv yilidan O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida hamda O`zbekiston Milliy universitetida regbi bo`yicha mutaxassislarni tayyorlovchi yo`nalishlar ochiladi.