1

O`zbekistonlik yosh kinoijodkorlar Bollivudga boradi

Madaniyat 01.11.2019, 10:03
O`zbekistonlik yosh  kinoijodkorlar Bollivudga boradi

Hindistonning 2019-2020 yillarga mo`ljallangan texnik va iqtisodiy hamkorlik dasturi (ITEC Scholarship Training Programs for 2019-2020) doirasida o`zbekistonlik 15 nafar yosh kinoijodkor Hindistonda kino sohasida malaka oshiradilar.

"O`zbekkino" Milliy agentligining bosh direktori Firdavs Abduxoliqov bilan Hindistonning O`zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Santosh Ja o`rtasidagi muloqot chog`ida ana shunday kelishuvga erishildi.

“Ushbu dastur o`zbekistonlik nomzodlarni barcha o`qitish xarajatlarini qoplaydi, - dedi Santosh Ja uchrashuv chog`ida, – Bundan tashqari, individual dasturlarni tashkil qilish, 2-3 oylik kinematografiya kurslarini o`tashga imkon beradi".

Muloqot chog`ida Hindiston va O`zbekiston o`rtasida kino sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan bir qator fikr va takliflar bildirildi. Jumladan, 60 yillik tarixi davomida hind kinosining eng taniqli yulduzlarini etishtirib chiqargan Puna shahridagi kinematogrifiya instituti bilan hamkorlik o`rnatish masalasi ham muhokama qilindi. 

"O`zbekkino" Milliy agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov Buxoro va Xivada amalga oshirilayotgan ikkita hind kinoloyihasi va Agentlikning yaqin kelajakda rejalashtirilayotgan Hindiston bilan bog`liq loyihalari haqida gapirdi. Jumladan, rejisser Jahongir Qosimov suratga olayotgan "Ibrat" filmining ayrim epizodlari Hindistonda suratga olinadi. 

Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan qayta tiklanayotgan Toshkent kinofestivali haqida ham so`z bordi. 1968-1992 yillar davomida o`tkazib kelingan ushbu festivalda hind kinosining Raj Kapur, Shiyam Benegal, Shabana Azmi singari so`nmas yulduzlari ham tashrif buyurishgan. 

Hindistonlik elchi Santosh Ja ushbu g`oyani qo`llab-quvvatlashga va Hindistonning mashhur kino yulduzlarini ushbu festivalga jalb qilishga tayyorligini bildirdi.

Firdavs Abduxoliqov shuningdek, O`zbekistonda milliy kino sanoatining xalqaro media bozorida jozibadorligini oshirish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlarni qayd etdi. Xususan, Hindiston elchisiga kino turizmida olib borilayotgan islohotlar, shu jumladan, O`zbekistonda kino loyihalarini amalga oshirishda 2020 yil 1 yanvardan boshlab  xorijiy kinoijodkorlarning loyihalarini O`zbekistonda amalga oshirish xarajatlarini qoplashga qaratilgan «Rebate» tizimining ishga tushirilishi haqida ham ma`lumot berildi. 

Uchrashuv davomida tomonlar 2020 yilda Hindistonda "O`zbekiston kinosi kunlari" hamda yurtimizda "Hind kinosi kunlari" ni o`tkazish zarurligini ta`kidladilar.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1