1

Yurtimizning chekka hududlarida ham kinoteatrlar tashkil etiladi

Madaniyat 01.11.2019, 21:56
Yurtimizning chekka hududlarida ham kinoteatrlar tashkil etiladi

“O`zbekkino" milliy agentligida davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqarilgan badiiy filmlar reklamasi hamda televidenie, radio va internet tarmoqlarida targ`ibot kampaniyasini tashkil etish va amalga oshirish chora-tadbirlariga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi.

Unda “O`zbekkino" milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov va boshqalar milliy kino sohasidagi tub islohotlar haqida gapirdi. O`z navbatida, sohadagi ayrim sustkashliklarga barham berish maqsadida davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash lozimligi ta`kidlandi.

Yig`ilishda kinoprokatdagi muammolarga barham berish bilan bog`liq masala ko`rib chiqildi.

Milliy kino mahsulotlarining targ`ibot kampaniyasi tizimli tashkil etilmayotgani, ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy-axborot vositalari imkoniyatlaridan samarali foydalanilmayotganligi sababli filmlarga nisbatan tomoshabinlar qiziqishi pasayib, kinoprokat faoliyatidan olinayotgan tushumlar kutilgan natija bermayotgani va bu kabi muammolarga barham berish kerakligi haqida so`z yuritildi.

Kino mahsulotlarini mafkuraviy boyitish, ularda milliy istiqlol g`oyasini keng targ`ib qilish, shu orqali aholi, ayniqsa, yoshlarning e`tiborini kuchaytirish hamda kinoprokatni rivojlantirishda ularning reklama targ`ibotini yuqori darajada tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Bu boradagi harakatlar respublikamizning chekka hududlaridan boshlanishi, jumladan, kinoteatrlar sonini ko`paytirish, kinolar narxini aholiga qulay tarzda arzonlashtirish hamda agentlik qoshida mazkur vazifalarning nazoratini kuchaytirish uchun yangi bo`limlar tashkil etilishiga kelishib olindi.

Shuningdek, davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqarilgan "Qo`qon shamoli", "1 avgust" va "Avloniy" nomli badiiy filmlar to`g`risida aholini to`liq xabardor qilish, mazkur filmlar taqdimotini yuqori saviyada o`tkazish hamda yurtimiz bo`ylab kinoprokatini samarali tashkil etish bo`yicha tavsiyalar berildi. Unga ko`ra, "1 avgust" filmi premerasi 26 noyabrda, "Avloniy" filmi 6 dekabrda, “Qo`qon shamoli” esa 19 dekabrda namoyish etiladigan bo`ldi.

Mazkur filmlar taqdimoti joriy yil yakuniga qadar Toshkent, Samarqand, Termiz, Namangan va Nukus shaharlarida tashkil etiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1