Xalqaro olimpiadalar tashkiloti bilan hamkorlikda maktab yoshidagi o`quvchilar o`rtasida joriy yilning oktyabr oyida “SEAMO-2019” Janubiy-Sharqiy Osiyo matematika olimpiadasi o`tkazildi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi xabar qilmoqda.
Olimpiada natijalariga ko`ra, Toshkent shahridagi Prezident maktabining 6-sinf o`quvchisi Muhammadrizo Majidov
va 9-sinf o`quvchisi Usmon Yusupov SEAMO matematika olimpiadasining saralash bosqichida oltin medalni qo`lga kiritdi.
Ta`kidlash joizki, Prezident maktablari mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni o`qitish tizimini yaratish hamda kelgusida ularda rahbarlik va etakchilik ko`nikmalarini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan. Ilk Prezident maktabi joriy yilning 10 sentyabrida Toshkent shahrida ish boshladi.
Yurtboshimiz Sh.Mirziyoev Prezident maktablari – yurtimizda ta`lim sifatini oshiruvchi lokomotiv vazifasini bajarishi kerakligini hamda xalqimizning ulug`vor va olijanob orzu-niyatlarini ro`yobga chiqarishda barchaga namuna bo`lishini ta`kidlagan edi.
Prezident maktabi o`quvchilari ana shunday ishonchni oqlab, ilk bor ishtirok etgan musobaqalarda oltin medallarni qo`lga kiritdi.
O`quvchilarimizning bu kabi yutuqlarga erishishi Prezident maktablarining asosiy sinovlarini “Cambridge Assessment International Education” mutaxassislari tomonidan xolislik va adolatli o`tkazilganligidan dalolat beradi.