Xitoylik polisiyachilar Shandun viloyatida odamlarni sotish bo`yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik kelishuvni to`xtatib qolishga muvaffaq bo`ldilar, deya xabar beradi kun.uz nashri.
Maxsus operasiya davomida polisiya xodimlari 37 nafar chaqaloqni ozod qilishdi, ulardan ba`zilari OIV bilan kasallangan bo`lib chiqdilar. Bundan tashqari, sotib yuborilmoqchi bo`lgan uch yoshli qizcha ham ozod qilindi. Bolalarni muddati o`tib ketgan sabzavot va tez tayyorlanadigan lag`mon bilan boqishgan. Chaqaloqlarning narxi 8-12 ming dollar atrofida baholangan. Xaridorlar o`g`il bolalar uchun ko`proq pul taklif etishgan.
Xabar berilishicha, operasiya davomida 103 nafar kishi hibsga olingan. Polisiyalarning aytishlaricha, ularda bolalar savdosi haqida shubha o`tgan yilning iyul oyida patrul xizmati bir necha erkak kishi bir guruh homilador ayollarni Szinin shahrining chetidagi tashlandiq fabrikaga olib ketishayotganini ko`rib qolishgandan keyin paydo bo`lgan. Polisiyachilar fabrika atrofini tekshirib, axlat solinadigan idishlarda ishlatilgan tagliklar va fabrikada chaqaloqlar saqlanashining boshqa izlarini aniqlashgan.
Bu jinoyatni fosh qilish bo`yicha tergov olib borgan inspektorning so`zlaricha, bolalar juda ayanchli antisanitar sharoitlarda saqlanganlar. Polisiyachilar voqea joyiga etib kelgunlaricha, bitta chaqaloq adyol ostida deyarli bo`g`ilib qolgan, ular saqlangan xona iflosligidan u erda hatto oz fursat turishning iloji bo`lmagan. Inspektorning so`zlaricha, homilador ayollar odatda fabrikaga jamoat transportida kelganlar va u erda tuqqanlar, shundan so`ng yangi chaqaloqlar katta sumkalarda xaridorlarga etkazilgan.
Fabrikaga uyushtirilgan opeasiyadan so`ng 2 oy davomida sotib yuborilgan bolalarni qidirish bo`yicha qidiruv ishlari olib borilgan. Ba`zi chaqaloqlar yangi oilalarida qoldirilgan, ba`zilari vasiylik organlariga topshirilganlar. Uch yoshli qizcha o`z onasiga qaytarilgan. Ma`lum bo`lishicha, bolalar sotilishlaridan oldin yaqin oradagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelinganlar, aynan shu erdan xaridorlar ularni olib ketganlar. Chaqaloqlarning ko`pchiligi sog` bo`lgan, biroq ular orasida irsiy kasalliklar, OIV, antisanitar sharoitlar oqibatida kelib chiqqan kasalliklarga chalinganlar ham bo`lgan.
Chaqaloqlar yangi ota-onalarining so`zlaricha, bu chaqaloqlar mahalliy talaba qizlarning nikohsiz tug`ilgan farzandlari bo`lgan. Xitoyda bolalarni sotish og`ir jinoyatlardan hisoblanadi. Bu jinoyat uchun 10 yildan tortib umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin. Shunga qaramay, Xitoyda bunday mudhish hodisalar tez-tez bo`lib turadi. O`tgan yili xitoylik polisiyachilar bolalar savdosi bilan shug`ullangan 4 nafar jinoiy guruhni qo`lga olishgan. Ular bu jinoyatlarni amalga oshirishda turli internet-xizmatlar, shu jumladan, forum va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanganlar.





