Keyingi uch yil orasida muqaddas islom dinini yanada taraqqiy ettirishga davlat tomonidan berilayotgan e`tibor xalqimizni tobora jips bo`lishga undamoqda. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus qarori bilan mamlakatimizda tashkil etilgan Xalqaro islom sivilizasiyasi markazining tashkil etilishi bunga yaqqol misoldir. Markazning asosiy maqsadi e`tiqodi islom dini bilan bog`liq boy va noyob merosni ilmiy asosda har tomonlama chuqur o`rganish, yurtimizdan etishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati haqida yaxlit tasavvur uyg`otish, ular bilan xalqimiz va jahon jamoatchiligini keng tanishtirish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, yosh avlodni gumanistik g`oyalar, milliy g`urur va iftixor ruhida tarbiyalashdan iboratdir. Ma`lumki, yurtimiz asrlar davomida jahon sivilizasiyasining ajralmas qismi, islom madaniyati markazlaridan biri bo`lib kelgan. Har qanday tajovuzlarga, cheklashlarga qaramay, xalqimiz qalbidagi islomga bo`lgan imon so`nmadi. “Chingizu Botu tig`”lari, sovetlarning otish-chopishlari, surgun-avaxtalari ham chin musulmonlarning e`tiqodlariga zarar etkazolmadi. Kishilarimiz dinsiz yashamadilar. Bu jarayon, ya`ni islomiy ta`lim-tarbiya yaqin tariximizda, xususan, din haqida gap ketganda qora tushday eslanadigan sobiq sho`ro zamonida qanday kechdi? Qatag`onlar davrida yoshlarga nafaqat halol-haromni ajratish, ayni paytda diniy arkonlarni mukammal egallash yuzasidan berilgan diniy ta`lim xalqimizning kelajak hayotida qanchalik ahamiyatga ega bo`ldi? Mazkur masalaga bugun qay darajada e`tibor berilmoqda?
Mamlakatimizda yangi tashkil topgan Xalqaro islom sivilizasiyasi markazi direktorining o`rinbosari, taniqli islomshunos olim, Qur`oni karim tarjimoni, iste`dodli xattot Abdulaziz MANSUR bilan suhbat ana shu haqda bo`ldi.
— Hurmatli shayx hazratlari! Ma`lumingizki, keyingi paytlarda televidenie hamda ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarga islomiy bilim berish haqida bir qator bahs-munozaralar bo`lib o`tdi va hamon davom etmoqda. O`tgan etmish yildan ortiqroq vaqt mobaynida xalqimizga “ateistik” tarbiyani singdirishga urinib kelindi. Aytish kerakki, bunga ko`p sohalarda erishildi ham. Keyingi o`ttiz yilda esa ana shu “tarbiya” oqavalarini tozalash yo`lida bir qadar jiddu jahd qilindi. Tarixda yashab o`tgan ulug` allomalarimizning xoki turoblari ustida maqbaralar qurildi, yillar davomida qarovsiz qolgan aziz joylari ziyoratgohlarga aylantirildi. Ularning islom dini va dunyoviy bilimlar bilan bog`liq asarlari, odob-axloq borasidagi durdonalari xalqqa etkazildi va bunday xayr¬li ishlar davom ettirilmoqda. Ammo dinsizlikka asoslangan kommunis¬tik g`oya bir necha avlodning ongu shuurini buzishga ulgurgan edi. Oqibat esa ma`lum: mamlakatda korrupsiya, poraxo`rlik, xalq mulkini talon-toroj qilish... Ularni bartaraf etishga qaratilgan qonunlar etarli. Ammo faqat zaminiy qonunlar bilangina insonning nafsini jilovlab bo`lmasligi azaldan ayon. Shu bois ham ota-bobolarimiz diniy ta`limga katta e`tibor berishgan. Shu ma`noda Turkistonda bu masala qanday tartibda echilgan?
— Avvalo shuni aytish kerakki, Mustaqillikdan so`ng, ayniqsa, keyingi ikki-uch yil orasida O`zbekistonda yoshlarga diniy ta`lim berish borasida ijobiy o`zgarishlar davom etmoqda. Hozirda mamlakatimizda o`n bitta madrasa, ikkita diniy oliy ta`lim muassasasi, bitta Islom akademiyasi faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, o`nlab arab tili kurslari va boshqa diniy ta`lim bilan bog`liq muassasalar ishlab turibdi. Xalqaro islom sivilizasiyasi markazining binosi ishga tushishi bilan esa ularning soni yanada ortadi.
Endi tarixga to`xtaladigan bo`lsak, ota-bobolarimiz ta`lim-tarbiyaga juda qattiq e`tibor berishganini ta`kidlash kerak. Bu sohada Abdulla Avloniy bobomizning “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir” degan gaplari behuda aytilmagan. Men bu gaplarning mag`zini sharhlab o`tirmay, o`zingiz o`rinli ta`kidlaganingizdek, birgina kommunistlarning ateistik tarbiyasi kishilarni nechog`lik halokat va falokat yoqasiga olib kelib qo`yganini ta`kidlab o`tmoqchiman, xolos. Sho`ro inqilobigacha Turkiston chor Rossiyasining qaram mamlakatlari ichida bo`lgan. O`sha davrlardagi diniy ta`lim, madrasalar haqida ustozlar so`zlab berishgan.
Aytishlaricha, 1924 yilda Turkiston parchalanib, milliy respublikalarga bo`lingan paytgacha ham O`zbekistonda diniy madrasalar ko`p bo`lgan. Mahalla maktabida ta`lim olgan bola o`qishni davom ettirishni istasa madrasaga borgan. Eng muhimi u mahalla maktabida o`qish-yozishni o`rganib, halol-haromni ajratib, bir musulmon farzandi sifatida mustaqil hayot kechirishga tayyorlangan. O`sha mahalla maktabida olgan bilimi bilan biron-bir kasbning boshini ushlagan. Endi madrasalarga borgan bolalar esa u erda yillab o`qishgan. Bundan tashqari, diniy kitoblarni o`zlashtirish o`ta qiyin bo`lgan. Buni men o`z tajribamdan bilaman.
Qo`llarida o`n yil ta`lim olgan ustozim oltiariqlik Muhammad Qosim qori domla o`sha davrlardagi diniy ta`lim, madrasalar to`g`risida ko`p gapirib berganlar. Ustozimning: “Men o`sha yillari yigirma to`rt yoshda edim. Ittifoq tashkil etilgan kundan e`tiboran hukumat barcha madrasalarni taqa-taq yopib, kalitini cho`ntagiga solib oldi. Mullavachchalarni esa ko`chaga haydab soldi. Kitoblarimizni ko`targancha qaerga borishni, kimga arz qilishni bilmay sarson bo`lganmiz. Shu yildan boshlab madrasalarda dars bergan-bermagan barcha ulamolarni qamash boshlandi. Ularning ba`zilari qatl etildi, qay birlari esa Sibir va boshqa joylarga surgun qilindi. Bu ish to 1943 yilgacha davom etdi. Bu orada masjidlar ham yopib qo`yildi”, degan gaplarini hamon eslayman. U kishi Marg`ilonning markazidagi “Xonaqoh” deb yuritiluvchi oq madrasada ilm olgan ekanlar. Hukumat mazkur madrasani yopib, o`rnida bank ochgan. O`sha bank hozirgacha ishlab turibdi. Eng bilimdon mudarrislar ana shu ilm dargohida dars berishgan ekan. Muhammad Qosim qori domla bu erda Xolmat qori, Muhammad Yusuf kabi domlalardan saboq olganligini aytardilar.
Shunday qilib, to 1943 yilgacha O`zbekistonda ochiq holda na masjid va na madrasa faoliyat yuritmagan. Ammo sho`rolar ularni turli omborxonalarga, cho`chqaxonalarga aylantirsa-da, mo`minlarning qalbidan imonni yulib ololmadi. Xalqimiz dinsiz yashamadi. Maxfiy ravishda uylarida namoz o`qidi, yashirinib borib, hujrada ta`lim oldi. Ota-onang namoz o`qiydimi, deb so`rasharkan. Ha, o`qiydi, desa bo`ldi. O`sha tobning o`zida ularni ushlab ketishgan. Ilm olishni aytmaysizmi? Ba`zi xonadonlardagi hujralarning darvozalari tashqaridan qulf bo`lgan. Birov kelsa, uyda hech kim yo`q. Ammo o`sha xonadonga talabalar devor oshib tushib domlalardan ta`lim olishgan. Xalqimiz ana shunday zamonlardan o`tib keldi.
— 1924 yildan to 1943 yilgacha O`zbekistonda masjid va madrasalarda namoz o`qish va ilm olish ta`qiqlandi, deb ayt-yapsiz. Nega endi aynan 1943 yilda ta`qiqlar olib tashlandi?...
— Xabaringiz bor, o`sha yili Germaniya fashizmiga qarshi urushayotgan davlatlarning Tehron konferensiyasi bo`lib o`tdi. Natijada “Tehron bayonnomasi” e`lon qilinib, unda fashizmni uzil-kesil yo`qotish, urushdan keyingi Ovruponing taqdiri, Sovet ittifoqining Yaponiyaga urush e`lon qilishi kabi masalalarda o`zaro kelishuv bo`lgani tarixiy hujjatlarda aytiladi. Shuningdek, mana shu konferensiyada Sovet ittifoqi vijdon erkinligini taqiqlagan dahriy davlat sifatida tanqid qilinadi. Albatta, Stalinning dinlarga yo`l berishi bitta tanqid tufayli yuz bermagan bo`lishi mumkin. Bunga boshqa sabablar, masalan, Amir Temurning qabrini ochish mumkin bo`lmagan bir paytda 1941 yil 22 iyunda ochilgani va shu kuni urush boshlangani kabi voqealar haqida mustabidga etkazilgani ham turtki bo`lsa, ehtimol. Stalin Tehron konferensiyasidan so`ng hamma dinlarga, jumladan, Islom diniga ham katta emas, kichkina darcha ochishga majbur bo`ladi. Butun Sovet ittifoqi bo`yicha to`rtta — O`rta Osiyo va Qozog`iston musulmonlari uchun Toshkentda, tatar musulmonlari uchun Ufa shahrida, shia va sunniy musulmonlar uchun Bokuda, shuningdek, kavkazlik musulmonlarga Mahach¬qal`ada musulmonlar diniy idorasi tashkil etildi. O`rta Osiyo va Qozog`iston musulmonlari diniy idorasiga Eshon Boboxon hazratlari muftiy etib tayinlanganlar. O`sha yili butun respublikada hammasi bo`lib 84 ta masjid ochishga ruxsat bo`ldi. Elimiz to 1991 yilda yurtimiz mustaqillikka erishgunicha o`sha qirq uchinchi yilda tashkil bo`lgan bor-yo`g`i sakson to`rtta masjidda namoz o`qib keldi. Men 1975 yildan shu idora qoshidagi madrasada o`qib, shu erda ishlaganman. Qaerda masjid ochilgan, hammasining ro`yxatini bilaman. Bu ro`yxatga bitta masjid qo`shib ham bo`lmasdi, olib ham. Mosk¬vadan beruxsat hatto bitta masjidni ham ta`mirlay olmasdik. Barcha yumushlar SSSR Ministrlar Soveti qoshidagi diniy ishlar bo`yicha Kengash nazoratida turardi. Bugungidek esimda, Jizzaxdagi masjidni ta`mirlash paytida devorini bir metrga o`stirishgandi. Bundan xabar topgan o`sha Kengash mazkur masjidni yoptirib tashlab, tabiat muzeyiga aylantirib yubordi. Borib ko`rib, ichkaridan yig`lab chiqdim. Xudoning uyida yovvoyi hayvonlarning terisini shilib, ichiga somon tiqib, qotirib qo`yishibdi. Ana shunday qotirilgan bir cho`chqani mehrobga tikka qilib o`rnatishibdi, tirjayib turibdi. Bularni ko`rgan qaysi musulmon yig`lamaydi... Qani endi o`sha paytda Moskvaning bu siyosatiga qarshi chiqib ko`rsin-chi, birov! Atrof jim-jit. O`lik sukunat... Hamma narsa: to`fon ham, hayqiriq ham ichingizda. Ichingizga yutasiz. Bir og`iz bo`lsin e`tiroz bildirolmaysiz... Ana shunday davrlarni boshdan o`tkazdik.
1943 yil oktyabr oyida bo`lib o`tgan musulmonlarning birinchi qurultoyida O`rta Osiyo va Qozog`iston musulmonlarining Diniy idorasi boshqarmasi tashkil etilib, Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon mazkur tashkilotning mas`ul kotibi va ayni paytda O`zbekiston qozisi lavozimiga bir ovozdan saylanadi. Respublika qoziyati Diniy idoraning anchayin faol tizimi hisoblangan. U olib borgan ishlar O`rta Osiyo va Qozog`istonning boshqa respublikalarida diniy uyushmalarning oyoqqa turishida muhim ahamiyatga ega bo`ldi. O`zbekiston qoziyati Sovet sharqi musulmonlarining diniy tar¬qoqligiga barham berishda juda katta shijoat ko`rsatdi. Sovet hukumati dinlarga, xususan, Islom dinining rivojlanishi, musulmonlarning o`z diniy arkonlarini bajarish ishlariga qanchalik qarshilik ko`rsatmasin, diniy idora rahbariyati berilgan ozgina imkoniyatdan juda unumli foydalandi. Hatto, ma`ruzalarda qaysi oyatlardan foydalanish kerakligi ham belgilab qo`yilar edi.
Ziyovuddinxon qori hazratning tashabbuslari bilan bir jurnal tashkil etildi. O`sha jurnal nomiga ham “sovet” so`zini qo`shishga majburlandik. Men bu jurnalda mas`ul muharrir sifatida sakkiz yil ishladim. Shunday ediki, maqolalar dast¬lab rus tilida tayyorlanib, Moskvaga, hukumatning yuqorida aytganim Kengashiga yuborilar, u erda tahrir qilinib qaytgach, o`zbek va boshqa tillarga, arab, fors, ingliz va fransuz tillariga tarjima etilar edi. O`zbek tilidagisi eski o`zbek imlosida bosilardi. Kirillda yozilsa go`yo xalq butunlay imonga kirib ketadigandek... Mana shunday bir sharoitda Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazratlari goh rasmiy, goh norasmiy yo`l bilan bo`lsa-da, Moskva bilan muzokaralar, bahslar olib borishi natijasida Islom dinini rivojlantirishga baholi qudrat o`z hissasini qo`shdi. O`zining beqiyos darajadagi ilmiy salohiyati bilan kishilarning imonini mustahkamladigina emas, balki baland ko`tardi.
Shunday qilib 1971 yilgacha butun SSSR musulmonlari uchun bitta — Buxorodagi Mir arab madrasasi faoliyat yuritgan xolos. Unda bor-yo`g`i 60 nafar talaba o`qigan. O`sha yili Ziyovuddinxon qori hazratning elib-yugurishlari natijasida Toshkentda oliy madrasa (MA`HAD) ish boshladi. Men ana shu madrasaning ikkinchi qabulida, ya`ni 1975 yilda o`qishga kirganman. Bu erga har yili qabul bo`lmasdi. Har to`rt yilda bir marta qabul o`tkazilar edi. Mana shunday qiyin sharoitlarda ishlab o`tgan odamlar haqida gapirganda to`g`ri fikrda bo`lishimiz kerak. Ba`zilar bo`ldiki, diniy idoraga doim tosh otib o`tishdi. Bu erda ishlayotganlarni “saroy ulamolari” deydiganlar topilar edi. Ana o`sha “saroy ulamolari” bo`lmasa, sovet ateistlari dinimizni yana ne ko`ylarga solib yuborishlari mumkinligidan ular bexabardirlar. Bu odamlar qo`llaridan kelgancha dunyoviy davlat bilan musulmonlarni kelishtirib, ularning huquqlarini himoya qilish, haj-umralarni tashkil etish, masjid-madrasalarning holidan xabar olish, diniy mavzudagi adabiyotlarni nashr etish kabi xizmatlar borki, bu ishlarning barchasi o`sha “saroy ulamolari”ning chekiga tushgan edi. Bularning hammasiga nafaqat guvohman, balki shu ishlarning ichida edim.
— Yaxshi gap ochdingiz. Necha yillarki shu idorada ishlab kelasiz. O`z faoliyatingiz haqida ham so`zlab bersangiz, o`quvchilarimiz yanada ko`proq ma`lumot olgan bo`lardilar.
— Ha, umrimning asosiy qismi shu idorada o`tdi. Yoshlik davrlarimda madrasalar yo`q bo`lgani uchun, diniy ilmni o`zim mustaqil o`rgandim. Maktabda ham a`lo baholarga o`qidim. Keyin Farg`ona vodiysidagi katta-katta allomalarning uylariga qatnab diniy bilimlarimni oshirdim... Ishdan ajralmagan holda ularning xizmatlarini qilib, bilmagan joylarimni so`rab ilm olganman. Xudoga shukr, o`ttiz bir yoshimgacha bir islom talabasi o`qishi kerak, bilishi lozim bo`lgan ilmlarni o`zlashtirib bo`lgandim. 1975 yilgacha men vodiyda bo`ldim. Keyin Toshkentga keldim, chunki bizdaqa ilmli kishilarni o`sha paytlarda davlat nafaqat qadrini bilmasdi, balki xushlamas edi. He yo`q, be yo`q qamab yuboraverar edi. Diniy olim bo`lsang, qani diploming, deb javobgarlikka tortardi. Shu bois men Toshkentga diplom olish uchun keldim.
Ziyovuddinxon qori hazratlariga murojaat qildim. Qori aka, vodiyda bizni juda ham bezovta qilishyapti, MA`HADda o`qishga keldim, dedim. Kimlarda o`qigansiz va qaysi darslarni olgansiz, deb so`radilar. Shunda men ustozlarim va ulardan olgan saboqlarimni aytganimda, u kishi siz tayyor mudarris ekansiz-ku, deb alqadilar. Siz shu MA`HADda dars berasiz, ke¬yin to`rt yildan so`ng sizga diplom beramiz, dedilar. Shundan keyin meni diniy idora nomidan Buxoroga, Mir arab madrasasiga jo`natdilar. Bir yil Buxoro va uch yil Toshkentdagi oliy madrasada dars berdim. Shundan keyin oliy Ma`hadni bitirdi, degan diplom olganman. Shu bilan Toshkentda qolib ketdim. Keyin Ziyo¬vuddinxon akaning o`g`illari Shamsiddinxon u kishining o`rinlariga muftiy bo`ldilar. Shamsiddinxon akam garchi tashkilotchi, arab tilini mukammal bilgan rahbar bo`lsalar-da, ammo diniy ulamo yordamiga muhtoj edilar. Shu bois Ziyovuddinxon akam meni u kishiga yordamchi qilib qo`ygandilar. O`zlariga ham doim shar`iy masalalarni Abdulaziz domla bilan birgalikda hal qilinglar, deb ko`p marta tayinlardi. O`sha 1975-76 yillarda Fatvo bo`limining boshlig`i bo`lganim ham shundan.
Shunday qilib Shamsiddinxon akamlar bilan u kishining to umrlari oxirigacha birga ishladik. Diniy mavzuda ko`plab kitoblar yozdik. Birinchi yozgan kitobimiz Ziyovuddin qori ibn Eshon Boboxon to`g`risida bo`ldi. Endi bu kitobning dunyoga kelishi ham bir tarix. U paytlari mamlakatimiz hali mustaqil bo`lmagan edi. Kitob yozib, o`zbek tilida nashr etish uchun Moskvadan ruxsat olish kerak bo`ldi. Bu voqea endi 1986 yilda bo`lib turibdi. Qarang, o`sha paytga kelib ham hamma joyda oshkoralik, siyosiy o`zgarishlar kechyapti, ammo dinning yo`li to`siq edi. Islom dinining rivojiga ulkan hissa qo`shgan bir ulamo haqida bir kitob chop etish qanchalar qiyin kechgan. Shunda biz aytdikki, unday bo`lsa rus tilida nashr etaylik, deb so`radik. Yo`q, deyishdi. Arab tilida nashr etiladi, deb turib olishdi. Men kitobni bir yil mobaynida Moskvada o`tirib rus tilidan arab tiliga tarjima qildim. Shunday qilib, Ziyovuddin qori akam to`g`risidagi birinchi kitob arab tilida nashr etildi. O`zbekistonda nashr etishga ham ruxsat bo`lmadi. Moskvada chop etib, bu erga olib kelindi. Shu qilgan xizmatimga Shamsiddinxon akam meni haj ibodatiga borishga yozib qo`yibdilar. 1986 yilda hajga men ana shu xizmatim tufayli borganman. Hajga borayotganimga o`zim ishonmaganman. U paytlari hajga O`zbekistondan ikki-uch kishigina borar edi. Butun sobiq Ittifoq bo`yicha yigirma-yigirma besh kishi borardi, xolos. Ana shu qatorga qo`shilganimdan xursand bo`lib, haj amalini bajarib kelganman. O`sha yili SSSRdan bor-yo`g`i o`n to`rt kishi hajga borgan. Borganimga suyundim, albatta. Ammo boshqa davlatlardan ming-minglab kelgan hojilarni ko`rib, xalqimizning iskanjada yashaganidan, haq-huquqsiz bo`lganidan yig`laganman...
Mana Yaratganga ming shukrki, bugunga kelib ahvol o`zgardi. Alloh bor qilaman desa, qiyin joyi yo`q. U kunlar bizga bir sinov uchun berilgan edi. Bu yil mamlakatimizdan hajga borayotganlar etti mingdan oshdi. Kelasi yili o`n ming bo`lar ekan, Xudo xohlasa.
— Yoshligida musulmonchilikdagi qirq farzni o`qimagan o`zbek juda kam topiladi. Ma`lumki, qirq farzning so`nggi farzi — talabi ilmdir. Ya`ni, ilm olmoqlikdir. Yana o`zbekda shunday gap bor: bu odamning og`zida ilmi bor. Ana shu og`zida ilmi bor kishilarning barchasi savodxon bo`lishgan. Mamlakat tepasiga sho`rolar kelgach esa diniy maktablar yo`qotildi. Ularning o`rnida sovet maktablari tashkil etildi. Tabiiyki, islomiy bilimlar ta`qiqlandi. Diniy ta`lim qoloqlikning ramzi sifatida ko`rildi. Holbuki, turkshunos olim Ahmad Zakiy Validiy turk xalqlarining keyingi asrlardagi orqada qolishi haqida fikr yuritarkan, bu qoloqlik ayrim olimlar ko`rsatganidek, dinga itoat etishda, Islom aqidalarida emas, balki 16 asrdan buyon dunyoda yangicha sharoitlar yuzaga kelgani, yangi dengiz yo`llari ochilgani va qadimgi karvon yo`llari nazoratsiz qolgani bilan izohlanadi, degan xulosaga keladi. Siz esa xalqimiz har qanday ta`qiqlarga qaramay, hech qachon dinsiz yashamaganini ta`kidlab o`tdingiz. Savol shundan iboratki, sho`rolar davrida xaloyiqning diniy ta`lim olish tartibi qanday kechdi? Bu borada hujralarning o`rni qanday bo`lgan? Hujra nima o`zi?
— Demak, sho`rolar iqtidorga kelishi bilan eski maktab va madrasalar yopildi. Mudarrislar qatag`on qilindi. Nima qilish kerak? Qatag`onlar payti ayrim ulamolar boshqa ishlarning boshini ushlab tirik qolishdi. Ammo ichlari to`la ilm. Yoshlari bir joyga borib qolgan bu olimlar ilmlarini o`zlari bilan oxiratga olib ketishadimi, endi? Yo`q, bunday qilish Xudoga ham xush kelmaydi. Qanday bo`lmasin, ular o`z egalariga etkazilishi kerak! Shu tariqa ular o`zlarining farzandlariga yoki qo`ni-qo`shni, ilm istagan boshqa kishilarga maxfiy ta`lim bera boshlashdi. Bu narsani men ayniqsa, 60-yildan boshlab o`zim kuzatdim. Bu harakat vodiydan boshlandi. Ya`ni, Andijon, Namangan, Marg`ilon.
Bu maskanlardagi hujralarga Alloh rahmat qilsin ularni, asli o`zganlik Sulaymon qori aka hamda marg`ilonlik ustoz Hakimjon qori domlalar asos solgan desak adashmaymiz. Sulaymon qori aka o`tgan asr¬ning 30-yillarida domla-imomlar qatag`on qilinganda ota-bobolari bilan Qoshg`arga o`tib ketgan bo`lib, 50- yillarning oxirlarida qaytishadi. O`sha odam ahvolni ko`rib, ba`zilarning halol-haromni ajratmaganidan taassuf bildirib, bu odamlarning yoshlik yillari qatag`onlarga to`g`ri kelib, diniy bilimlardan bexabar qolishganiga yo`yadi va bolalarga islomiy bilim berish kerak, degan xulosaga keladi. Ma`lum bo`lishicha, Sulaymon qori akaning o`zi Qoshg`ardaligida hujrada o`qigan va o`qitgan ekanlar. Demak, Sulaymon qori aka bu amalni o`z yurtiga qaytgach, bu erda ham tatbiq eta boshladi.
Shu joyda o`z boshimdan kechgan voqealarni eslab o`tishni istardim. 1971 yili Oltiariqdan chiqib ketdim. Marg`ilonga borib joylashdim. U erda o`qish bilan band bo`ldim. Ishdan ajralmagan holda Hakimjon qori akamning darslariga qatnashdim. U kishi juda tez o`qitar ekanlar. Hakimjon qori domladek, barakali o`qitadigan mudarrisni men hali ko`rmadim. Sahih Buxoriy, sahih Muslim, Abu Dovud, sharhi Mulla kabi katta-katta kitoblarni bir oyga qolmay bitirib yuboramiz. Ustozning qo`lidagi besh yillik tahsilim juda barakali bo`ldi. Hakimjon qori domla butun umrlarini dunyo to`plash emas, ilm to`plashga sarflagan inson edilar. O`zlari ko`p o`qirdilar. Gap gapirsalar faqat ilmdan so`zlardilar. Dunyoviy narsalardan o`zlarini qattiq parhezda tutardilar. Biron soniya bo`lsin vaqt¬larini behuda o`tkazmasdilar. O`qitish tartiblari shunday edi: yuqori bilimli talabalarni o`zlari o`qitardilar. Bular xos talabalar deb atalgan. Bizga joylardagi hujralarni bo`lib berardilar. Bomdod namozini o`zlari bilan o`qigach, ikki-uch soat dars bo`lardi. Keyin aytilgan hujralarga borib dars berardik. Ko`ryapsizmi, darsdan chiqib yana dars¬ga borardik. U kishining yana bir fazilatlarini aytsam, qo`llaridagi asosiy talabalar musofir bo`lgan, jumladan, men ham. Bola-chaqani ham boqish kerak. Bu kishiga Alloh taolo tijorat hunarini ham nasib etgandi. Ana shu tijoratdan tushgan mablag`dan o`z oilasidan oshinib, bizga maosh ham berardilar. U kishi ilm oshiqlarini bir qarashda ajrata bilganlar va ularni har jihatdan qo`llab-quvvatlab, ilmlarini davom ettirishlari uchun sharoit yaratganlar. Hujra Marg`ilonda ana shu tartibda vujudga keldi. Ke-yinchalik xalqqa islomiy ta`lim berishning bu usuli Andijon, Namangan atroflariga, shuningdek, O`sh, O`zgan shaharlariga ham kirib bordi. Boshqa joylardan, masalan Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlaridan ham talabalar Marg`ilon bilan Andijonga kelib o`qishardi. Qur`oni karim tarjimoni, qorasuvlik Alouddin Mansur ham Hakimjon qori akaning xos shogirdlaridan bo`lgan.
Endi bu hujralarda qanday darslar o`qitilgan? Bu masalaga o`tishdan oldin shuni aytish kerakki, keyingi ellik yil orasida hujralar el ko`ziga ola bo`ji, ekstremistik tashkilot, mullavachchalar jangarilar sifatida ko`rsatib kelindi. Bu engil qilib aytganda insofdan emasdi. Sizga bir misol. Xabaringiz bor, o`tgan yili mamlakatimizda qorilar musobaqasi o`tkazildi. Unda yuzlab murattab qorilar ishtirok etishdi. Ularning qaysi biri jangari?! Shunday bo`lganda bunday mo``tabar izdihomda ishtirok eta olisharmidi?! O`sha musobaqa ishtirokchilarining sakson foizi hujradan chiqqan sobiq mullavachchalardir. Ularning qiroatlarini tinglagan butun O`zbekiston hamdu sanolar aytishdi. Rostdan ham Mustaqillikkacha butun respublikada bor-yo`g`i ikkita madrasa bo`lgan bo`lsa, buncha qori qaerdan keldi, degan savol tug`iladi-da! Bugungi kunda mamlakatimizda ikki mingdan ortiq masjid bor.
Endi tilga olingan hujralarda qanday fanlar o`qitilgan? Aytish kerakki, ularda siyosat haqida umuman so`z yuritilmagan. Darslar arab tili grammatikasi — Kofiya, ya`ni nahvu sarf, Unvon — arab adabiyoti, fiqh ilmlaridan “Muxtasar”, Marg`inoniyning “Hidoya” asari, Mishkotul masobih, Sharhi mulla (Jomiyning Kofiya shar¬hi kitobi), Sahihi Buxoriy, Qozi Bayzoviy, Nasafiylarning tafsirlari va boshqa Aqoid kitoblaridan iborat bo`lgan. Yuqorida nomlari tilga olingan darslik hamda kitoblarda hech qanday siyosat bilan bog`liq gaplar yo`q va bo`lishi mumkin ham emas. Ular tom ma`nodagi ilmiy asarlar bo`lib, birinchidan o`quvchiga arab tili grammatikasini o`rgatsa, ikkinchidan Qur`oni karim tafsiri hamda Hadis ilmidan dars beradi. Bulardan tashqari adabiy kitoblar, Balog`at va Fasohat mavzularidagi darslar o`qitilardi.
Aytish kerakki, sovet davrida hujralarda dars berishga hech qanday yo`l yo`q edi. Bu jinoyat hisoblanardi. Bu ishlar kamoli xalq ichidagi ulamolarimizning dinimiz saqlanib qolsin, ota-bobolarimiz, ustozlarimizdan olib qolgan bilimlarimiz o`zimiz bilan ketib qolmasin, ulardan yoshlarimiz naflanib, oq-qorani tanisin, halol-xaromni ajratib olishsin, degan bir oq niyat bilan boshlangan. Yanayam aniqrog`i hujralarni zamonning o`zi taqozo etdi. Zaruriyat yuzaga keltirdi. Agarki o`sha paytlarda bugungidek, madrasalar, Islom akademiyasi kabi ta`lim muassasalari bo`lganda edi ulamolar ham, mullavachchalar ham o`z hayotlarini xavf ostiga qo`yib hujraga qatnamas edilar. Mana bugun diniy bilimlarni o`rganmoqchi bo`lgan odamga keng yo`l ochib qo`yildi. Arab tili kurslari ochilgan. Bundan tashqari arab tilini, xususan, Qur`oni karimni o`qishga mo`ljallangan darsliklar nashr etilyapti. Birgina internetning o`zida arab tilini o`rganaman degan odam uchun istagancha imkoniyat mavjud. Sovet davrida unday emasdi-da. Diniy ilmlarni o`rganish va o`rgatishning barcha yo`llari taqa-taq yopilgan edi. Shu bois sovet davri qatag`onlaridan muqaddas dinimizni asosan mana shu hujralar asrab qoldi, deb ochiq-oydin aytish mumkin. Hujralar bo`lmaganda dinimizning ahvoli juda ayanchli bo`lib qolar edi. Bir narsaga e`tibor bering: din o`z holicha yashay olmaydi. U xalq bilan tirik. Alloh taolo o`zi yaratgan xalqning to`g`ri, imon-islomda, halol-pok yashashi uchun ham dinni tushirdi. Shunday ekan uni asrab-avaylab avlodlarga etkazish har bir musulmonning ishi bo`lishi kerak. Hujra ana shunday e`tiqod samarasidir. Buni har bir odam to`g`ri tushunib, to`g`ri anglashi kerak, deb o`ylayman. Ha, hujra qonundan tashqarida edi. Hujrada o`qitgan ham, o`qigan ham jinoyatchi hisoblanardi. Ammo xalq yashashi kerak. Dunyo yaralibdiki, hech bir xalq dinsiz yashamagan. SSSR davlati rostdan ham dinsiz edi, ammo aholisi o`z dinlarini, e`tiqodlarini yashirib bo`lsa-da, avlodlarga etkazib kelishdi. O`zini tanigan odam uchun dinsiz hayot jahannamning o`zi desam ba`zilar xafa bo`lishlari mumkin, ammo tuzsiz taom¬day gap. Yashayverasan, ammo unda eb-ichish, bola-chaqa orttirish, bir so`z bilan aytganda o`tkinchi hoyu-havaslardan boshqa hayotning tub ma`nosini anglamay o`tadi kishi.
Bugun o`tgan asrning 60-yillari emas. Shu bois hozirda o`sha hujralar o`rnida madrasalar faoliyat ko`rsatmoqda. Ularning dasturlari, ularning o`qitish tartiblari diniy idora tomonidan belgilab berilyapti. Yangi-yangi kurslar ochilyapti. Hozirda respublikamizda 11ta madrasa, ularning ikkitasi oliy, ishlab turibdi. Bundan tashqari ayollarning ham madrasasi bor. Bu madrasalar mustaqillikdan keyin sekin-asta ko`payib bordi. Ba`zilar hozir ham hujralarda o`qitsa bo`lmaydimi, deyishadi, yo`q, bo`lmaydi. U davrlar boshqa edi. U davrlarni men qoralamayman. U paytlarda hujradan boshqa yo`l yo`q edi. Bugungidek, madrasalar bo`lmagan. Hozirgi madrasalarimizdan ham murattab qorilar, ulamolar chiqyapti. Endi hujralarga ehtiyoj qolmadi. Men bu ishlarning ichida bo`lganim uchun haqiqatni aytib qo`yishim kerak. Bu Xudoning oldida ham to`g`ri bo`ladi. Haqiqat shuki, Mus-taqillikkacha bo`lgan hujralarning hammasi yuqorida aytganimdek, noilojlikdan bo`lgan va to`g`ri bo`lgan. Agar o`sha hujralar bo`lmaganda edi, hozir mamlakatimizda Islom dini ulamolari juda kamayib ketardi. Bu odamlar o`rtasida oqibatsizlik, halol va xaromni, diyonat va xiyonatni ajrata bilmaslik kabi illatlarning ko`payishiga olib kelardi. Birgina Juma namozi ma`vizalarini oling. Ularda yuz minglab odamlar ishtirok etadi va odob-axloq haqidagi Payg`ambarimiz (s.a.v.) aytgan nasihatlardan bahramand bo`ladilar. Bunday ma`vizalarni ana o`sha bir paytlar hujrada tahsil olgan ulamolarning shogirdlari yoki shogirdlarining shogirdlari madrasalarni bitirib chiqib xalqqa etkazmoqdalar.
Bugun muhtaram Prezidentimiz nafaqat mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish, adolatni tiklash, shuningdek, ma`naviy-ma`rifiy, xususan, din sohasida juda ham odilona siyosat olib bormoqdalar. Bunga birgina bir payt¬lar hujralarda o`qiganligi uchun qamalgan kishilarning ozodlikka chiqarilgani misolida ham ko`rish mumkin.
Sovetning zulmi shu darajada ediki, diniy e`tiqod, hujralarning ahamiyati haqida umuman gapirib bo`lmasdi. Afsuski, bunday hol yaqin-yaqingacha ham davom etdi. Ke¬yingi ikki-uch yilda ahvol butunlay o`zgardi. Islom dini ma`rifati xususida ochiq-oydin gapirish imkoniyati paydo bo`ldi. Oqni oq, qorani qora deydigan zamon keldi. Shuning uchun mening tavsiyam shuki, hozirgi davrda zamondan orqada qolish kerak emas, taraqqiyot ilgarilamoqda. Bosgan har bir qadamimiz zamonga vobasta bo`lmog`i kerak. Madrasalarda, arab tili kurslarida ham ta`limning eng ilg`or usullarini qo`llashimiz lozim. Prezidentimiz doimiy ravishda hamma sohada bizdan takliflar kutmoqda. Yana qanday ishlarni yo`lga qo`yaylik, deb so`ramoqda. Qachon shunday bo`lgan?! Xudo xohlasa butun dunyo havas qiladigan jamiyat bo`lamiz! Bugun Islom diniga xizmat qilaman degan odamga yo`l katta ochiq. Hech qanday to`sqinlik yo`q. U zamonlar o`tib ketdi. Yodimda, Buxoroning Mir arab madrasasida dars berardim. Ateizmning kuchaygan davrlari. Talabalarga saboqni aqoid fanidan boshladim. Aqoid va aqida fani bu e`tiqod. Insonni mustahkam e`tiqodli bo`lishga chaqiradi. Ertasigayoq meni kerakli joyda so`roq-javob qilishdi: nimani o`qityapsan? Diniy fanlardan dars beryapman. Qanaqa fandan? Aqoidi “Nasafiya”dan. Bir zamon menga baqirib ketdi: qanaqa aqoid?! Aqoidni o`qitmaysan, bildingmi! Nima, sen bu talabalarni mustahkam e`tiqodli bo`lishini istaysanmi? Ular harf tanib, Qur`onni o`qishni eplasalar bo`ldi. Qolgani bilan ishing bo`lmasin, — deb darslarni susaytirishimni ochiqdan-ochiq talab qilishgan.
Hozirgi kunda esa madrasalarimizda o`qitilayotgan fanlarga hech qanday cheklov yo`q. Bir misol. Ikki nafar nabiram MA`HADda o`qiydi. Ularning o`qigan kitoblarini biz o`ttiz-qirq yoshga borib o`qiganmiz. Saboqlari o`ta murakkab. Ayniqsa, fiqh darslari juda chuqur o`rganilmoqda. Ta`limning bunday ilg`or usuli arab universitetlarida ham kam uchraydi. Oliy ta`lim madrasalarimizda ham bunday fiqhni chuqur o`rganish, “Raddul muhtor”larning matn-larini, “Durrul- muhtor”larni o`qitish, “Usulul-fiqh”ga o`xshagan qancha-qancha fanlar o`qitilyaptiki, maqsad talabalarga Islom dinini to`g`ri etkazish, nainki ularni, shuningdek, Muqaddas dinimizga har tomondan hujum qilib turgan turli zararli oqimlardan himoyalash. Bolalarimiz o`qishni yaxshi davom ettirish-yapti. Ikkinchi kursdayoq arab tilidagi matnlarni sharhlashmoqda. Bu jarayonlarni ko`rib ba`zan o`ylab qolaman: ishlarimiz shunday davom etsa, arablar diniy ilmni bizga kelib o`rganishsa ajab emas.
06.11.2019 13:20
Abdulaziz Mansur: «Xalqimiz taqiqlarga qaramay dinsiz yashamagan»
