«Sharq» nashriyot uyi tomonidan «XIX—XX asrlarda o`zbeklarning milliy bosh kiyimlari» albom kitobi chop etildi, deya xabar bermoqda «12news.uz». Unga tarix fanlari doktori, professor Nafisa Sodiqova va Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti bitiruvchisi Yulduz G`aybullaeva mualliflik qildi.
Kitobda muzey fondlaridagi noyob bosh kiyimlar namunalari namoyish etilgan. Ular mintaqalar, aholining ijtimoiy kelib chiqishi, yosh belgilari va maqsadlariga ko`ra turlarga bo`lingan. Ayollar bosh kiyimlari — turli o`lchamdagi va turlicha o`raladigan ro`mollar, sallalar (loki, bosho`rov, dastor) keng tanishtirilgan.
Ayollar, kelinchaklar va bolalar bosh kiyimlarini yasatishda qo`llanilgan zargarlik buyumlari to`g`risidagi bo`lim ham qiziqarlidir. Shuningdek erkaklar va bolalar bosh kiyimlari: sallalar, mo`ynali telpaklar, kigiz telpaklar va do`ppilarga alohida bo`lim bag`ishlangan.
Kitob rangli fotosuratlar bilan boyitilgan, uning matn qismi o`zbek, ingliz va rus tillarida berilgan.





