AsosiyDunyo

Dunyo xaritasi: kim uchun qanday?

Biz bolalikdan ko`rishga odatlangan dunyo xaritasi, ayniqsa bizga maktabda ko`rsatiladigan xaritalar bizning dunyoning qanday tuzilganligi haqidagi tushunchamizni shakllantiradi. Agarda biz yassi xarita dumaloq dunyoning shartli va biroz buzib ko`rsatilgan tasviri ekanligini unutmaganimizda buning hech qanday yomon tomoni bo`lmasdi.

Biroq bizlardan ko`pchiligimiz o`zimiz o`rgangan xaritaga ko`ra real dunyoga munosabat bildiramiz. Bizning dunyoda etakchi rol o`ynaydigan davlatlar bo`lib, ular markazda joylashadi, qolgan davlatlar esa ularga bo`ysunib, chetda joylashadi, deb ishona boshlaymiz. 

Quyida turli davlatlarda – Rossiya, Evropa, AQSh, Xitoy, Avstraliya, Chili, Janubiy Afrikadagi dunyo xaritalari bir-birlaridan tubdan farq qilishini ko`rishimiz mumkin bo`ladi. Hammasi xarita tuzuvchining quyidagi shartlardan qaysi birini bajarishiga bog`liq bo`ladi: 1) xaritani G`arb va Sharqqa nisbatan markazlashtirish kerak; 2) xaritani Shimol va Janubga nisbatan qanday markazlashtirish kerak; 3) proeksiyalashtirishning qaysi usulidan foydalanish kerak.

Rossiya uchun dunyo xaritasi

Dunyoning vertikal o`qi (G`arb va Sharqqa nisbatan markazlashtirish) Moskva shahri orqali o`tadi. Amerika qit`asi va Avstraliya chetda joylashadi. Tinch okean bir butun hududdek qabul qilinmaydi. 

Evropa uchun dunyo xaritasi

Dunyoning vertikal o`qi Londondan o`tadi. Bu erda ham Amerika qit`asi va Avstraliya chetda joylashadi. Tinch okean bir butun hududdek qabul qilinmaydi. Bundan tashqari, ekvator (Shimol va Janubga nisbatan markazlashtirish) xaritaning pastki qismiga surilgan, bu Afrika, Janubiy Amerika va Avstraliyani Shimoliy Amerika va Evroosiyoga nisbatan haqiqatdagidan ko`ra kichikroq qiladi.

AQSh uchun dunyo xaritasi

Dunyoning vertikal o`qi AQSh orqali o`tadi. Amerika g`arb tomondan Tinch okeani bilan, sharq tomondan esa Atlantika okeani bilan yuvilib turadigan bir orolga o`xshab tasvirlanadi. Evropa uchun tuzilgan xaritaga o`xshab, bu erda ham ekvator xaritaning pastki qismiga surilgan. Bu holat Shimoliy Amerika va Evroosiyo qit`alarining o`lchamlarini Afrika, Janubiy Amerika va Avstraliyaning haqiqiy o`lchamlariga nisbatan kattaroq qiladi. Bundan tashqari, amerikalik Rossiya, Xitoy, Hindistonni tasavvur qilishda qiynaladi: bu davlatlar amerikalik uchun ham sharqda, ham g`arbda mavjud bo`ladi. 

 

Xitoy uchun dunyo xaritasi 

Xitoy o`zining dunyo xaritasida Tinch okeanining g`arbiy sohilida joylashadi. Bunda Tinch okeani Afrika va Evropadan tashqari, barcha qita`alarga chiqishga ega bo`ladi. Afrika va Evropa shu tariqa chetda joylashadi. 

Avstraliya uchun dunyo xaritasi

Yuqorida joylashganlar pastda joylashganlardan hukmronlik qiladi, degan umumiy tushuncha mavjud. Avstraliyaliklar vertikal o`qni nafaqat o`zlarining qit`alari orqali o`tkazishadi, balki xaritani 180 gradusga o`girib, o`z qit`alarini boshqa barcha qit`alar tepasida joylashtirishadi. AQShga o`xshab, Avstraliya ham uch okean: Tinch, Hind va Janubiy okean bilan o`ralib turgan orolga o`xshab tasvirlanadi. Bu xaritada boshqa barcha xaritalarda eng pastda tasvirlangan Antarktika hamma qit`alardan tepada tasvirlanib, Avstraliyadan ham muhimroq ahamiyatga ega bo`ladi. 

Janubiy Afrika uchun dunyo xaritasi

Janubiy Afrika Avstraliyaga o`xshab tepada joylashadi va bu davlatning boshqa davlatlar ustidan ustun shaklda tasavvur qilinishiga turtki bo`ladi. Janubiy Afrika Respublikasi Hind va Atlantika okeaniga pona bo`lib kiradigan ko`rinishdagi yarimorol kabi tasvirlanadi. Tinch okeani mintaqasi va Rossiya xaritaning chetida tasvirlanadi. 

Chili uchun dunyo xaritasi

Bu dunyo xaritasi Chili harbiy geografiya instituti buyurtmasi bilan keyinchalik maktab darsliklariga kiritish maqsadida yaratilgan. Avstraliya xaritasiga o`xshab, bu xarita ham 180° o`girilgan bo`lib, buning evaziga Chili dunyoda ustun vaziyatga ega bo`ladi. Xaritaning markazida Tinch okeani joylashadi va bu holat hozirgi zamon Chili yuritayotgan siyosat, ya`ni Chilining Tinch okeani mintaqasida eng muhim ishbilarmonlik markazlaridan biriga aylanish istagi bilan bog`liq. Bu jihatdan Chili Xitoyga juda o`xshab ketadi. Bu xaritada ham Afrika va Evropa chetda joylashadi.

manba: xabardor.uz

    Boshqa yangiliklar