Rossiyalik tergovchilar “Rosbalt” nashri jurnalisti Aleksandr Shvaryovni qidiruvga berish va hibsga olish to`g`risidagi hujjatlarni Interpolga tayyorlashdi. Jurnalist tuhmat va 3 million rubl ta`magirlikda ayblanmoqda. Bu haqda “Interfaks” nashri xabar bergan.
Ma`lum bo`lishicha, ayni vaqtda Shvaryov Latviya poytaxti Rigada davolanmoqda.
“Ayni vaqtda tergov tomonidan Shvaryovni xalqaro, jumladan Latviya hududida qidiruvga berish va uni hibsga olish bo`yicha chora ko`rish to`g`risida qaror chiqarilgan. Yaqin orada hujjatlar Interpolga yuboriladi”, — deyiladi xabarda.
Uning ta`kidlashicha, Rossiya huquq-tartibot idoralari shuningdek latviyalik hamkasblariga jurnalistni hibsga olish va uni Rossiyaga ekstradisiya qilish haqida so`rov yuborishni rejalashtirmoqda.
Bundan avvalroq polisiya Shvaryovga rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga tuhmat qilish hamda qozog`istonlik tadbirkor, “Fincraft Resources” xoldingi direktorlar kengashi raisi Kenes Rakishevdan 3 mln rubldan ko`proq (50 ming dollar) pul talab qilish ayblovlarini qo`ygan. Birinchi ayblov bo`yicha jurnalistga 5 mln rubllik jarima solinishi yoki 480 soatgacha majburiy ishlar belgilanishi, ikkinchi ayblov bo`yicha esa 15 yillik qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
Tergovga ko`ra, Shvaryov Alisher Abdullaev ismli shaxs (u ham xalqaro qidiruvga berilgan) bilan birga 2018 yil iyulidan oktyabrigacha bir necha saytlarda go`yoki Usmonovning og`ir jinoyatlarga aloqadorligi haqida yolg`on axborotni joylashtirgan. Polisiyaning o`rnatishicha, bu ma`lumotlar haqiqatga mos emas va yolg`on, sha`nga dog` tushiruvchi hamda tadbirkorning obro`siga putur etkazuvchi va unga ma`naviy zarar etkazuvchi hisoblanadi.
Bundan tashqari, Shvaryov Abdullaev va yana bir necha kishi bilan birga turli saytlarda qozog`istonlik tadbirkor Rakishevni firibgarlikda, jinoiy guruhlar bilan aloqadorlikda va boshqa jinoyatlarda ayblab, u haqida obro`sizlantiruvchi axborot joylashtirgan. Ular tadbirkor vakillarining bu ma`lumotlarni o`chirib tashlash haqidagi iltimosini bajarish uchun 50 ming dollar talab qilishgan, aks holda tadbirkor haqida yolg`on axborot tarqatishni davom ettirish bilan tahdid qilishgan.
Shvaryovning advokati ayblovni yasama deb hisoblashini, jurnalistning jinoiy ta`qib qilinishini esa buyurtma asosida amalga oshirilayotganini aytgan.
“Ayblov mutlaq konkretlashtirilmagan, yasama va asosga ega emas, virtual ayblov deb aytish mumkin”, deb aytgan advokat.
Uning ta`kidlashicha, jurnalist o`ziga qo`yilayotgan ayblovlarni tan olmayapti.
Moskvaning Tver sudi 11 noyabrda Shvarevning sirtdan hibsga olinishi haqidagi da`vo arizasini ko`rib chiqadi.