1

Revmatizm nasl suradimi?

Salomatlik 10.11.2019, 22:20
Teglar: revmatizm, bo`g`im, kasallik
Revmatizm nasl suradimi?

Kuz kelib, ob-havo sovishi bilan aholi orasida surunkali xastaliklar, jumladan revmatizm kasalligi ham xuruj qila boshlaydi. Xo`sh, bu kasallik kimlarda uchraydi? Nasldan naslga o`tadimi? O`z vaqtida davolansa to`liq tuzaladimi? Muxlislarni qiziqtirgan shu mazmundagi savollarga revmatolog Zebiniso Ahmedova quyidagicha javob berdi:

–Revmatizm – biriktiruvchi to`qimaning yallig`lanish kasalligi. U asosan immun buzilishlar natijasida streptokokk infeksiyasi oqibatida rivojlanadi va asosan yurak va bo`g`imlarga xavf soladi. Revmatizm rivojlanishiga to`laqonli ovqatlanmaslik, o`ta sovqotish, haddan ziyod charchash, past immunitet ham qulay sharoit yaratadi. 

Bu kasallik asosan ayollarda, 7-15 yoshli o`smirlarda ko`p uchraydi. Agar yaqin qarindoshlarda revmatizm qayd etilgan bo`lsa, keyingi avlodda ham unga moyillik bo`lishi mumkin. Tomoq yallig`lanishi tez-tez takrorlanuvchi kishilarda agar organizmda o`ziga xos oqsil mavjud bo`lsa, bunda ham infeksiya asorati sifatida revmatizm rivojlanishi ehtimoli ortadi.

Kasallikda bo`g`imlar og`riydi, shishadi, yurak juda tez yoki sekin uradi. Demak yurak maromi buzilishi, ko`krakda og`riqlar, bo`g`imda harakat cheklanishi kabi alomatlar kuzatilishi mumkin. Bu holatlarda vaqtni o`tkazmay revmatolog shifokorga uchrashish zarur.

Bemor tez tuzalishi uchun uning ovqati oqsilga boy, to`laqonli bo`lishi lozim. Davolashda maxsus antibiotiklar, yallig`lanishga qarshi, immunitetni ko`taruvchi va tinchlantiruvchi preparatlar qo`llanadi. Ular yaxshi samara bermasa, bo`g`imlarga dori yuborish yoki tabobat usullari ko`magida simptomatik ravishda davolanadi.

Revmatizmning faollashgan davrida qon aylanishini yaxshilash maqsadida qo`l va oyoqlarni massaj qilish, badantarbiya ham foydalidir. Agar o`z vaqtida davolanilsa revmatizmni jilovlash, tizim va a`zolardagi jiddiy asoratlarining oldini olish mumkin. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1