Seshanba kuni Bangladeshda ikkita poezd o`rtasida to`qnashuv sodir bo`ldi. «Kamida 16 kishi halok bo`ldi. Yana 58 kishi jarohatlangan. Biz jabrlanganlarni mintaqadagi kasalxonalarga yubordik”, – dedi mahalliy polisiya boshlig`i Anisur Rahmon.
Erta tongda sodir bo`lgan halokat paytida poezd yo`lovchilarning ko`pchiligi uxlayotgan bo`lgan. «Shovqin-suron ko`tarildi. Shunda men poezdning bo`linib ketganini ko`rdim», dedi jarohatlangan bir yo`lovchi. “Atrofimdagi barcha odamlar yig`lashar, hamma joyga qon sachragan edi. Ba`zilarning qo`llari va oyoqlari sindi”, – dedi boshqasi.
Bangladesh temir yo`llari vakilining ma`lum qilishicha, bu falokatga poezdlarga stansiyadan berilgan noto`g`ri signal sabab bo`lgan. Aslida, to`qnashgan poezdlarning biri stansiyada qolib, ikkinchi poezdni o`tkazib yuborishi kerak bo`lgan.
Bangladeshda poezdlar bilan bog`liq baxtsiz hodisalar tez-tez uchrab turadi. Bunga ko`pincha signal uzatish yoki infratuzilmadagi xatoliklar sabab bo`ladi. Ma`lumotlarga ko`ra, bu mamlakatda joriy yilning 1 yanvaridan 30 iyunigacha kamida 202 ta temir yo`l halokati sodir bo`lgan. Piyodalarning yo`lni kesib o`tish paytida mobil telefonlardan foydalanishi, temir yo`l ishchilarining beparvoligi, relslar va ko`priklarning holatini nazorat qilmaslik kabilar baxtsiz hodisalarning asosiy omillari hisoblanadi.