O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev rahbarligida 2019 yil 23 avgustda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va jamiyatda o`qituvchilarning mavqeini oshirish masalasiga bag`ishlab o`tkazilgan yig`ilishda berilgan vazifalar ijrosini ta`minlash yuzasidan Prezident Administrasiyasining joriy yil 27 avgustdagi topshirig`i asosida 11-30 noyabr kunlari respublikamizning barcha hududlaridagi ayrim fanlarni chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktablari va maktab-internatlarining faoliyati o`rganiladi.
O`rganish ishlari Xalq ta`limi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Davlat test markazi, Sog`liqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda olib boriladi.
O`rganishlar davomida ixtisoslashtirilgan maktablardagi o`quv tarbiya jarayonining tashkil etilishi, ta`lim sifati, o`qituvchilar va o`quvchilarning bilimi, o`quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, sanitariya qoidalari va me`yorlariga amal qilinishi kabi yo`nalishlar ko`rib chiqiladi. Davlat test markazi tomonidan ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim muassasalarining yuqori sinf o`quvchilari hamda o`qituvchilari uchun ixtisoslashtirilgan fanlardan test sinovlari o`tkaziladi.
Natijalar bo`yicha ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalari faoliyatini, ulardagi ta`lim sifatini kelgusida yanada takomillashtirishga oid takliflar ishlab chiqiladi.