Ijtimoiy tarmoqlarda O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida talabalarga stipendiya berilmayotganligi to`g`risidagi xabar tarqaldi.
Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi axborot xizmati xabariga ko`ra, mazkur holat vazirlik tomonidan tezkor ravishda o`rganib chiqildi. 2019/2020 o`quv yilidan boshlab talabalarga to`lovlarni amalga oshirishda qulaylik yaratish, aholining keng qatlami uchun oliy ta`limning hammabopligini ta`minlash maqsadida to`lov-kontrakt qiymati miqdorlari ikki xil ko`rinishda – “stipendiyali” va “stipendiyasiz” etib belgilandi.
Universitetda to`lov-shartnoma asosida o`qiydigan talabalarga stipendiya tayinlash va berishdagi kechikishlar o`z navbatida talabalar tomonidan to`lovlarni turli miqdorda va vaqtda amalga oshirilishi bilan bog`liq.
Hozirda barcha tashkiliy masalalar yakuniga etkazildi va to`lov-shartnoma asosida o`qiydigan talabalarning plastik kartalariga stipendiya o`tkazib berilgan. Stipendiyaning naqd pul qismi esa, 18 noyabr – dushanba kunidan tarqatilishi ma`lum qilindi.
“Hurmatli talabalar, Siz tahsil oladigan oliy ta`lim muassasasida ham stipendiya tayinlash va to`lash bilan bog`liq muammolar mavjud bo`lsa, marhamat, izohlarda yozib qoldiring. Vazirlik talabalar, ularning ota-onalari va keng jamoatchilik vakillari – barcha bilan muloqot qilishga doim tayyor”, - deyiladi ma`lumotda.






