Diniy ekstremistik oqimga aloqador shaxslar fosh etildi

Jinoyat 16.11.2019, 11:04
Diniy ekstremistik oqimga aloqador shaxslar fosh etildi

Farg`ona viloyat DXX boshqarmasi xodimlari tomonidan diniy ekstremistik oqimga aloqador, aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan, diniy aqidaparastlikni targ`ib qiluvchi materiallarni tarqatish bilan shug`ullangan shaxslar aniqlandi.

Tinch va osuda hayotimizga tahdidlar kuchayib, turli yo`llar bilan xavf solmoqda. Xususan, dinni niqob qilib olgan ayrim kimsalar yoshlarimizni yo`ldan urib, aqidaparastlik g`oyalarini targ`ib etishga undamoqda. Ayrim yurtdoshlarimiz imon, e`tiqod masalalarida chalg`ib, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali ularning qarmog`iga ilinishyapti.

Qo`qonlik A. To`ychiev endigina 22 yoshni qarshi olmoqda. U uyali telefoni orqali muntazam ravishda internet tarmoqlariga kirib, telegram messenjeridan foydalangan holda akkaunt yaratgan. “Muhojira”, “Tavhid xabarlari”, “Nashidalar”, “Umr sahifasi” kabi kanallarga a`zo bo`lib, bir qator shaxslarning jihodga, shahidlikka, jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan ma`ruzalarini eshitib kelgan.

Shu bilan birga, uni telefoni va chipi xotirasida saqlagan. Bundan tashqari, A. To`ychiev “odnaklassniki.ru” ijtimoiy tarmog`ida qo`qonlik M. M. bilan tanishib, u bilan yozishmalar olib borgan. Telegram orqali uning akkauntiga 2019 yil 8 sentyabr kuni Ahluddin Novqotiy, 7 oktyabr kuni Abdulloh domlaning ma`ruzalarini yuborib, ularni tarqatgan. 

Adabiyotshunoslik ekspertizasining xulosasiga ko`ra, mazkur tarqatilgan ma`ruzalar mamlakatimizda jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan, aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan va uni targ`ib etuvchi materiallar ekanligi aniqlandi. Qo`qonlik S. Bakiev ham qabih ishga qo`l urdi. Ma`lum bo`lishicha, u 2013 yil 20 avgust kuni shaxsiga aniqlik kiritilayotgan ayol bilan oldindan jinoiy til biriktirib, 100 AQSh dollariga evaziga uning yordamida davlat chegarasini noqonuniy buzib o`tgan. 

U Toshkent viloyatining Qozog`iston Respublikasi bilan chegaradosh hududidagi mavjud aylanma yo`llar orqali davlat chegarasini kesib o`tgan.  Yollanma mehnat faoliyati bilan shug`ullanib, 2014 yil dekabr oyida qayd etilgan aylanma yo`llar orqali qonunga xilof ravishda yashash manziliga qaytib kelgan.

Bundan tashqari, S. Bakiev joriy yil 19 avgust kuni oldindan tanishi bo`lgan G. Yu.ga xotirasida aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan, diniy aqidaparastlikni targ`ib qiluvchi ma`ruzalari bo`lgan 4 gb hajmli chipni berib, tarqatganligi aniqlandi.  G. Yu.ning uyali telefon apparati olinib, ko`zdan kechirilganda, undagi chipning xotirasida Abdulloh Buxoriy, Sodiq Samarqandiy, Rashod qori Kamolov va boshqalarning diniy mazmundagi ma`ruzalari borligi ma`lum bo`ldi. 

Adabiyotshunoslik ekspertizasining xulosasiga ko`ra, chip xotirasidagi fayllar diniy aqidaparastlikni targ`ib qiluvchi, O`zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlangan materiallar sirasiga kirishi aniqlangan. A. To`ychiev va S.Bakievga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilgan bo`lib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1