AsosiyJamiyat

Taksi xizmatini ko`rsatuvchi MChJ haydovchisi o`ziga topshirilgan "Neksiya"ning ehtiyot qismlarini talon-taroj qildi

Aholiga taksi xizmatini ko`rsatuvchi "Capital management and marketing company" MChJga ishga kirgan haydovchi avvaliga binoyidek ishlab yurdi. Ammo keyinchalik peshona teri bilan topilayotganiga qanoat qilmay, jinoyatga qo`l urdi, deya xabar beradi uz24.uz nashri “Huquq” gazetasi ma`lumotlariga tayanib.

Dastlab u sinov muddati davomida o`zini yaxshi tomondan ko`rsatdi, so`ng haydovchi bilan MChJ o`rtasida to`liq moddiy javobgarlik to`g`risida shartnoma tuzildi. Unga asosan yangi haydovchiga 2012 yilda ishlab chiqarilgan "Neksiya DONS" rusumli avtomashina ishonib topshirildi.

O`ziga ishonib topshirilgan va moddiy javobgarligida bo`lgan mulkni o`zlashtirish yoki rastrata qilish yo`li bilan talon-taroj qilish maqsadida haydovchi Sergeli tumanidagi avtomashinalar bozoriga boradi. U erda korxonaga tegishli avtoulovning to`rtta yangi shinalari, bir juft supporti, old g`ildirak tayanch disklari, isitish moslamasi va uzatish qutisini eskisiga almashtiradi. Yangi va eski ehtiyot qismlar qiymati o`rtasidagi farq hisobiga cho`ntagini qappaytirib, ortiga qaytadi.

"Tadbirkor" haydovchi o`zining bu harakati bilan "Capital management and marketing company" MChJga 4 mln. so`mdan ziyodroq zarar etkazdi.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudi aybdorga nisbatan o`zining adolatli hukmini o`qidi. Unga ko`ra, haydovchiga har oylik ish haqining 20 foizi davlat foydasiga undirilgan holda, 1 yil muddatga axloq tuzatish jazosi belgilandi. Shuningdek, aybdor MChJga etkazgan zararni ham to`laydigan bo`ldi.

    Boshqa yangiliklar