1

Qashqadaryoda birinchi marta chaqaloqning qizilo`ngachi operasiya qilindi

Salomatlik 16.11.2019, 14:55
Qashqadaryoda birinchi marta chaqaloqning qizilo`ngachi operasiya qilindi

Qashqadaryo viloyati bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi rejali jarrohlik bo`limida muammoli tug`ma rivojlanish nuqsoni – qizilo`ngach atreziyasi bo`lgan chaqaloqda jarrohlik amaliyoti o`tkazildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Xo`sh, chaqaloqlarda qizilo`ngach atreziyasi nima o`zi? Bunday holatda jarrohlik amaliyoti o`tkazish nimasi bilan murakkab?

– Odatda homilaning rivojlanish paytida qizilo`ngachning yuqori qismi pastki qismiga o`sib kelib, qo`shilib ketadi, – deydi markazning rejali jarrohlik bo`limi shifokori Shams Jo`raev. – Ammo ayrim chaqaloqlar qizilo`ngach atreziyasi bilan tug`iladi. Bu nuqsonda qizilo`ngachning yuqori qismi pastki qizilo`ngach oqmasi bilan tabiiy tarzda tutashmasdan, to`mtoq bo`lib tugaydi. Pastki qizilo`ngach oqmasi esa nafas yo`liga – traxeyaga qo`shilib ketgan bo`ladi. Bunday vaziyatda bolani oziqlantirish xavfli oqibatlarga olib keladi. Yana bir xavfli asorati – so`lak qizilo`ngachning to`mtoq qismida yig`ilib, so`ng o`pkaga ketib qoladi. Yagona chora – qizilo`ngachni jarrohlik amaliyoti orqali ulashdir.

Qarshida o`tkazilgan mazkur jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatida viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Ixtiyor Karimov, rejali jarrohlik bo`limi boshlig`i Ural Norqobilov, bo`lim shifokori Ziyodulla Erqulov, ko`krak jarrohligi bo`limi boshlig`i Ashraf Shodmonov, blok boshlig`i Bahrom Shukurov, anesteziolog Ilhom Xolmurodovning ham hissasi katta bo`ldi.

Eng muhim jihatlardan biri – shu paytgacha bunday nuqsonli bolalarni operasiya qilish faqat poytaxtda amalga oshirilar edi. Viloyatda bunday amaliyotning yo`lga qo`yilishi neonatal xirurgiya rivojida muhim ahamiyatga ega.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1