«Istiqlol» san`at saroyida Vatan himoyachilari kuniga bag`ishlab «Qorachig`imsan, Vatan!» deb nomlangan konsert namoyish qilindi, deya xabar qilmoqda O`zA.
Vatanimizning kundan-kun chiroy ochib, xalqaro miqyosda obro`-e`tibori yuksalib borayotgani, turli sohalarda ulkan marralarga erishilayotgani, xalqimizning turmush darajasi va hayotga bo`lgan qarashi o`zgarayotgani – barcha-barchasi, avvalo, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, osmonimiz musaffoligidandir.
O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda «O`zbeknavo» estrada birlashmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, o`z burchini o`tash chog`ida qurbon bo`lgan ichki ishlar organlari, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda bojxona tizimi xodimlarining oila a`zolari, nogiron faxriylar ishtirok etdi.
Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining kafolati bo`lgan milliy armiyamizni shakllantirish, jumladan, harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta`minlash, ularning ijtimoiy-maishiy, yashash va xizmatni o`tash sharoitlarini yaxshilash yuzasidan alohida ahamiyatga molik ishlar qilinayotgani, o`z hayotini ushbu sharafli kasbga bag`ishlagan harbiy xizmatchilarning muammolari e`tiborsiz qolmasligi va oilasining tinchligi hamda farovonligi ishonchli ravishda kafolatlangani ta`kidlandi.
Mamlakatimizda harbiy xizmatchilar va ularning oila a`zolarini har tomonlama qo`llab-quvvatlash, muddatli harbiy xizmat o`tash sharoitlarini yaxshilash, harbiy xizmatchilarga imtiyozlar yaratish, nogiron harbiylar va faxriylarni ijtimoiy himoyalash, xizmat davomida halok bo`lgan harbiylarning oila a`zolariga mehr-muruvvat ko`rsatish bu jarayonda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Xizmat burchini o`tash chog`ida halok bo`lgan Vatan himoyachilarining oila a`zolari, nogiron faxriylarga esdalik sovg`alari topshirildi.
19.01.2015 19:24





