1

Mirzo Ulug`bekka tegishli nefrit piyola Britaniya muzeyida ekan...

Moziydan sado 17.11.2019, 17:52
Teglar: Ulug`bek, nefrit, Samarqand
Mirzo Ulug`bekka tegishli nefrit piyola Britaniya muzeyida ekan...

Jahon ilm fani taraqqiyotiga yuksak hissa qo`shgan Muhammad Tarag`ay Mirzo Ulug`bekning nomi har birimiz uchun aziz. Uning Movarounnahrdagi beqiyos bunyodkorlik ishlari haqida har birimiz ko`p bora o`qiganmiz. U haqda qator badiiy asarlar, filmlar yaratilgan.

O`z-o`zidan savol tug`iladi: bizgacha buyuk ajdodimiz Mirzo Ulug`bekka bevosita tegishli bo`lgan, ul zot shaxsan foydalangan biror buyum etib kelganmi? Mirzo Ulug`bekning qo`llari bilan bitilgan qo`lyozmalar mavjudmi? Buyuk shoh va olim o`z ko`zi bilan ko`rgan nimalarni biz ham ko`ra olamiz?

Albatta, Mirzo Ulug`bek sizu bizdek mana shu aziz va mukarram makonda voyaga etgan. Vatanining har qarich tuprog`ini sevgan, ko`ziga to`tiyo qilgan. Bugun ul zot tomonidan qurilgan madrasalar Samarqand, Buxoro, G`ijduvon shaharlarida hamon savlat to`kib turibdi. Bugun Samarqandga kiraverishda, Mirzo Ulug`bek yodgorlik majmuasi qarshisidagi rasadxona ham buyuk bobokalonimizdan bizgacha etib kelgan qutlug` obida sanaladi. Uning zinapoyalaridan Ulug`bek bobomiz yuzlab marotaba chiqib tushganlar.

Bugun dunyoning turli kutubxonalari, muzeylari, ta`lim maskanlarida Mirzo Ulug`bekning nigohi tushgan, ehtimol uning qo`li bilan bitilgan nodir qo`lyozmalar, buyuk temuriyzoda hukmdorga tegishli shaxsiy buyumlar saqlanayotgan bo`lishi mumkin.

...Dunyoga mashhur Britaniya muzeyida sayyoramizning turli hududlaridan olib kelingan, bir necha ming yilliklarni o`z ichiga olgan bu qadimiy muzeyni yiliga o`rtacha 6-7 million kishi tomosha qiladi. Bu erda 8 milliondan ortiq eksponat saqlanadi.

Ana shu eksponatlardan biri buyuk ajdodimiz Mirzo Ulug`bekka tegishli yashil nefrit (yashma) toshidan yasalgan №1959,1120.1 tartib raqami ostidagi kosadir.

Muzey saytida berilgan ma`lumotlarga ko`ra, mazkur kosa taxminan 1420-1449 yilllar oralig`ida Samarqandda yuksak mahorat bilan ishlangan. Kosa ovalsimon ko`rinishga ega bo`lib, unga 200-250 ml. suyuqlik joylashadi. Qadimda odamlar orasida nefritdan yasalgan idishga zaharli suyuqlik solinsa u parchalanib ketishi haqida afsonalar yurgan.

Mazkur kosa haqida poytaxtimizda 2017 yil may oyida “O`zbekiston madaniy merosi – xalqlar madaniyatlar o`rtasidagi muloqotga yo`l” mavzusida o`tkazilgan 1 xalqaro kongressda Britaniya muzeyi vakillari ham ishtirok etishgan, ushbu kosa haqida alohida ma`ruza ham tinglangan edi.

Britaniya muzeyi islom kolleksiyalari muhofizining yordamchisi Ladan Akbarniyaning aytishicha, 1959 yilda Britaniya muzeyi arab yozuvida turkiy tilda buyuk olim va hukmdor Mirzo Ulug`bek nomi bitilgan ajoyib nefrit kosaga ega bo`lgan.

Yashil tusdagi bu kosaning dastasi Xitoy mifologiyasidagi ajdar ko`rinishini esga soladi. Kosa dastasining qarama qarshi tarafiga kumush bilan sayqal berilgan, kosa uchun asos bo`lgan nefrit toshi Sharqiy Turkistonning Xo`tan shahri yaqinidagi Kunlun tog`idan keltirilgan bo`lishi mumkin.

Mirzo Ulug`bek boshqa ma`danlarga qaraganda nefrit toshini ko`proq yoqtirgan. Chunki, Ulug`bek tomonidan Sohibqiron qabri ustiga o`rnatilgan tosh ham nefritdan yasalgan edi. Mazkur kosa sangtaroshlik san`atini o`rta asrlarda Samarqandda taraqqiy etganini ko`rsatadi.

Kosa keyinchalik Turkiyaga, Usmoniylar saltanatiga borib qolgan. Kosa qanday qilib Istanbulga etib kelgani ham ancha bahsli masala. Ayrim taxminlarga ko`ra, bu qimmatbaho idish Ulug`bekning shogirdi Ali Qushchi tomonidan olib kelingan bo`lishi ehtimoldan xoli emas.

Chunki, Ali Qushchi Mirzo Ulug`bek uchun aziz farzand maqomida bo`lgan. Ulug`bekning o`limidan so`ng u Istanbulga kelib, buyuk ustozning ilmiy ishlarini davom ettirgan va umrining oxirigacha shu erda yashagan. Uning qabri ham shu shaharda. Ehtimol, Ali Qushchi ustozidan yodgor sifatida u doim suv ichishda foydalangan kosani o`zi bilan olib ketgan bo`lsa kerak. 

Kosaning balandligi 7,3 sm, uzunligi 19,5 sm, eni 12,4 sm.ga teng. Mazkur topilma haqida ilk bor matbuotda ingliz olim va mutaxassislari Ralf Pinder-Uilson va Uilyam Uotsonlar ma`lumot berishgan.

Mazkur nodir durdona ayni paytga qadar dunyoning bir qator yirik ko`rgazmalari paytida turli mamlakatlarda tomoshabinlar e`tiboriga havola etilgan. Jumladan 2016-2017 yillarda mazkur kosa Xitoy, Kanada. Avstraliya, AQSh singari mamlakatlarning yirik shaharlarida o`tkazilgan turli ko`rgazmalarda taqdim etilgan.

Rustam Jabborov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1