AsosiyJamiyat

Davlat, jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar Ortiqxo`jaev bilan bog`liq ishga munosabat bildirdi

'Davlat, jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar Ortiqxo`jaev bilan bog`liq ishga munosabat bildirdi'ning rasmi

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlar va internet OAVda Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo`jaevga tegishli ekani aytilayotgan, jurnalist va blogerlar sha`niga o`ta keskin fikrlar bildirilgan audioyozuv keng jamoatchilik o`rtasida keskin tanqidga sabab bo`lmoqda. J.Ortiqxo`jaev shaxsi bilan bog`liq mazkur holatga bir qator davlat, jamoat tashkilotlari o`z munosabatini bildirdi.

«Adolat» sosial-demokratik partiyasi:

«Nega ba`zi mansabdorlar o`z faoliyatida OAVga suyanish o`rniga bepisandlik bilan yondashmoqda? Nima sababdan avvalgi ba`zi mutasaddilarning «hurmacha» qiliqlaridan poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev to`g`ri saboq chiqarmadi? Hokimning og`zidan yangragan so`zlar nafaqat jurnalist yoki bloger, balki eshitgan har bir quloq uchun og`ir botadi. Inson huquqlari ustuvor jamiyatda bu holatni qanday hazm qilish mumkin?

Ushbu holatga Prezident Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi hamda O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan himoyaviy chora kutib qolamiz».

Keyinroq AOKA audioyozuv bo`yicha o`rganish olib borilayotgani hamda o`rganish natijasida tegishli choralar ko`rilishini ma`lum qildi.

 OʻzLiDeP

"Mamlakatimiz Konstitusiyasida qonun hamma uchun tengligi, inson huquqlari ustuvorligi e`tirof etilgan. Shu tufayli OʻzLiDeP inson sha`niga nisbatan qilingan har qanday tajovuz jazosiz qolmasligi kerak deb hisoblaydi.

Shu bilan birga haqoratli so`zlar yangragan audioyozuv haqiqatan ham J.Ortiqxo`jaev tomonidan aytilganligi yuzasidan etarlicha tasdiqlovchi dalillar mavjud bo`lmagani sababli ushbu masalaga munosib huquqiy baho berish, vaziyatga aniq xulosa yasash maqsadida audioyozuv hozirda maxsus davlat organlari tomonidan ekspertiza qilinayotganligi ma`lum. Shundan kelib chiqib partiya jurnalist va blogerlarni, turli davlat va nodavlat tashkilotlari faollarini vaziyatga ekspertiza xulosasi asosida baho berilgunga qadar xulosa chiqarmaslikka chaqiradi.

Partiya har qanday erkin fikr, erkin so`z inson qadr-qimmatiga daxl qilmasligi shart deb hisoblaydi".

O`zbekiston XDP :

«Joriy yil 16 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlar va internet OAVda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaevga tegishli ekani aytilayotgan, jurnalist va blogerlar sha`niga o`ta keskin fikrlar bildirilgan, sharmanda qilish, hatto jismonan yo`q qilish bilan tahdid qilingan audioyozuv keng tarqaldi. Bu holat mamlakatimizdagi barcha OAV vakillari, blogerlar va keng jamoatchilikning qattiq munosabati va tanqidiga sabab bo`ldi.

Davlatimizdagi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ushbu audioyozuv bo`yicha surishtiruv ishlarini olib borishi chora ko`rishi zarur.

Audioyozuvdagi holat haqiqatda ro`y bergan bo`lsa, demokratik islohotlarning eng muhim sharti – so`z va fikr erkinligiga, jurnalistlarga ochiqdan-ochiq tahdid qilish, «menga hamma narsa mumkin», deb o`ylash, avvalo, xalq va davlatni mensimaslik, deb baholanishi kerak".

Alisher Qodirov, «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari:

«Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev ovozi bilan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan audioyozuvning haqiqiyligi tasdiqlanmagunicha ushbu masalada fikr bildirishni to`g`ri deb hisoblamaymiz.

Mavzu bo`yicha birinchi bo`lib izoh yoki bayonot berish Jahongir Ortiqxo`jaev va xabarning muallifiga tegishlidir.Shu o`rinda jamiyat axborot iste`mol madaniyatining piramida shaklidagi uchta darajasi haqida aytib o`tmoqchiman: 

Birinchi, eng quyi va eng ko`p qatlam - axborotni eshitadi va shundayligicha iste`mol qiladi; 

Ikkinchi, o`rta-o`zgaruvchan, kamayishga moyil qatlam - axborotni eshitadi, o`zini darajasida tahlil qiladi, munosabat bildirmaydi;

Uchinchi, eng kam, jamiyatni siyosiy tafakkurini ko`rsatadigan qatlam - axborotni eshitadi, tekshirib-tahlil qiladi va munosabat bildiradi.

Jamiyatning mafkuraviy va siyosiy immunitet darajasi uchinchi qatlamning darajasiga tengdir».

Bu haqda Alisher Qodirov o`z Facebook sahifasida yozgan. 

Hikmatilla Ubaydullaev, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi Axborot xizmati rahbari:

Oxirgi soatlarda ko`plab yurtdoshlarimiz, jurnalist va blogerlarimiz internetda tarqalgan, Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo`jaevga tegishli ekani aytilayotgan audioyozuv yuzasidan izoh berishimizni so`rab murojaat qilishmoqdaJurnalist va blogerlarimizdan vaziyatga huquqiy baho berilgunga qadar hissiyotlarga berilmaslik, shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarmaslikni so`raymiz. Bu voqea bo`yicha huquqiy organlar albatta chora ko`rishadi.

Ta`kidlashni istar edimki, kim tomonidan ekanidan qat`i nazar, to`rtinchi hokimiyat — jurnalistlar haqida aytilgan bunday fikrlar o`ta yoqimsiz holat va bunga jim qarab turish mumkin emas. Bu — davlat siyosati va jamiyatda o`rnatilgan qoidalarga mutlaqo ziddir".

O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi:

"Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaevga tegishli audio va matnli axborot keng tarqaldi. Agar unga ishonadigan bo`lsa, hokim so`z erkinligi va jurnalistlar sha`niga nisbatan, nafaqat egallab turgan lavozimiga, balki umuman insoniylikka to`g`ri kelmaydigan so`zlarni bildirgan. 

Jurnalistlar uyushmasi tegishli huquq-tartibot idoralari ushbu holat yuzasidan o`zlarining adolatli xulosalarini bildirishlari zarur, deb hisoblaydi. Inson sha`ni, jumladan jurnalist sha`ni va haq-huquqi himoyasi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida kafolatlangan va uning har qanday buzilishlari qonuniy baholanishi lozim".

Hozircha Toshkent shahar okimligi J.Ortiqxo`jaev ovozi deyilayotgan audioyozuv soxta ekanligini aytmoqda. Ammo mas`ul organlar tomonidan tekshirishlar olib borilyapti. Saytimizni kuzatib boring, aniq ma`lumotlar taqdim etilishi bilan e`tiboringizga havola etamiz.

Boshqa yangiliklar