AsosiyJamiyat

Ekopartiya axborot xizmati rahbari qulog`ida jaranglagan savol: Nima uchun O`zbekiston Ekologik partiyasi rahbari xalqni aldadi?

'Ekopartiya axborot xizmati rahbari qulog`ida jaranglagan savol: Nima uchun O`zbekiston Ekologik partiyasi rahbari xalqni aldadi?'ning rasmi

 “Zarafshon” konsert (“NAESMI Media Hall”) saroyida beshta partiya vakillari ishtirokida 3 raundli "Demokratik debat" tok-shousi bo`lib o`tdi. Debatda qatnashgan “Darakchi” muxbiri Abduqodir Mo`minovning Ekopartiyaga bergan savoli shouda o`tirganlarning jiddiy e`tiborini tortgan bo`lsa-da, voqea boshqacha tus oldi. 

Shouning 3- raundida o`tgan haftada bo`lib o`tgan debatda Ekologik partiya raisi Boriy Alixonov Toshkent havosining ifloslanish darajasi dunyo bo`yicha qanday baholanayotgani haqida bergan ma`lumotiga qarama-qarshi kelgan AirVisual nashri e`lon qilgan ma`lumot yuzasidan mazkur partiya vakillaridan ushbu holatga aniqlik kiritib berishlari so`raldi.

Ya`ni AirVisual nashri ma`lumotlariga ko`ra, bu yil dunyodagi eng ifloslangan shaharlar ro`yhatida Toshkent shahri o`ntalikdan joy olib, 3-pog`onada. O`tgan 2018 yildagi ro`yxatida esa yigirmatalik ichida 16-pag`onada edi.

Qizig`i shundaki, Boriy Alixonov o`tgan sondagi debatda Toshkent shahri 16-o`rindan 58-, keyin esa 64- o`ringa ko`tarilganini aytdi. Bu erda kim yolg`on ma`lumot beryapti, Jahon Sog`liqni Saqlash Tashkiloti AirVisual statistikasi bo`yicha to`g`ri deb baholayotgan ma`lumotlar asoslimi  yoki Boriy Alixonov aytgan ma`lumotmi?

Savolga javoban Ekopartiyadan o`zini tanishtirmagan bir vakil — “O`zingiz AirVisual chiqargan ma`lumotlarga ishonsizmi?” deya, savolga savol bilan javob qaytardi. Vaholanki, savol manzilli va aniq ma`lumotlarga asoslanib berilgan edi. Ya`ni “AirVisual Toshkent shahrining ifloslanishi haqida keltirgan ma`lumoti yolg`onmi yoki Boriy Alixonov aytgan ma`lumotlarmi?” deya, bu ma`lumotlarga aniqlik kiritib berish so`raldi, xolos.

Shunday qilib, Ekopartiya vakila mazkur berilgan savolga o`sha paytning o`zida biror ishonarli javob aytmadi. Ammo savol javobsiz qolgani ham yo`q. Tadbir yakunlangach ushbu paritiyaning bir nechta vakillaridan yuqoridagi umuman mantiqsiz berilgan javob yuzasidan izoh so`ralganda, e`tirozlar bilan birga quyidagicha javoblari ham tinglandi.

Erkin Omonov, O`zbekiston Ekologik partiya axborot xizmati rahbari:

— Odamlarda, jamiyatda noto`g`ri fikr uyg`otadigan, insonning, partiya liderining sha`ni va qadr-qimmatiga, partiyani, birorta tashkilotni nufuziga noto`g`ri munosabat bildirishga na fuqaroni, na jurnalistning haqqi yo`q (eslatma: partiyaga berilgan savolda partiya raisi keltirgan ma`lumot bilan AirVisual tashkiloti e`lon qilgan ma`lumot o`rtasidagi ixtilofga aniqlik kiritish so`ralgan, xolos), bu birinchidan. Ikkinchidan, partiyaning liderini yolg`onchilikda va xalqqa noto`g`ri informasiya berishda aybladingiz (biror ixtilofga sabab bo`lgan ma`lumot uchun aniqlik kiritib berishni so`rash, ayblash deb baholanyapti). Yana o`sha gap: Siz o`zingiz AirVisual nashri tarqatgan ma`lumotga ishonsizmi? 

Mazkur berilgan izoh vaqtida Ekopartiyaning bir nechta vakili qayta so`radi: Siz o`zingiz AirVisual nashri tarqatgan ma`lumotga ishonsizmi?

Aytish joizki, O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro`yxatidan o`tkazilgan «Xabar.uz» rasmiy sayti 16.11.2019 sanasidagi “Havosi eng ifloslangan shaharlari reytingida Toshkent 3-o`rinni egalladi” sarlavhali xabarida AirVisual nashrining 2019 yil yakuni bo`yicha keltirgan ma`lumotlariga tayanib, “Achinarlisi, dunyodagi eng ifloslangan  shaharlar ro`yxatida poytaxtimiz Toshkent shahri ham o`ntalikdan joy olib, 3 pog`onani band qilgan”ini e`lon qildi. Endi yana bir masala ko`tarilyapti, ya`ni Ekopartiya vakillarining fikrlashiga ko`ra, «Xabar.uz» ham noto`g`ri axborot uzatgan bo`lib chiqyaptimi?

Xayrullo G`afforov, O`zbekiston Ekologik partiya Markaziy Kengashi a`zosi: 

— AirVisual tashkiloti havoning ifloslanish darajasini onlayn rejimda aniqlab boradi va uning ko`rsatgichlari bir necha daqiqalarda o`zgarib turadi. Birinchidan, u Amerika elchixonasida joylashgan moslama ma`lumoti. Ikkinchidan, biz shu masala bo`yicha 7 oktyabr kuni O`zbekistondagi Amerika elchixonasida Amerikadan kelgan mutaxassis bilan uchrashdik va unga havoning tozaligini hisoblab ko`rishi uchun AirVisual moslamasi qancha maydonni qamrab oladi, deb aniq savol berdik. U bu savolimizga javob berolmadi. Biz quruq iqlimli hududda yashaymiz, ular esa havoning qanchalik tozaligini aniqlash uchun ikkita narsani o`lchab ko`radi xolos: Erga yaqin bo`lgan azonning miqdorini (Toshkentda bu bo`yicha umuman muammo yo`q, normal holatda), PM2.5 ni, ya`ni zarrachaning o`lchami 2.5 mikronda bo`lganlarini o`lchaydi. Ularning bu o`lchashi esa keng masshtabda va boshqa bir necha moddalarni hisobga olgan holda qilinmagan. Shuning uchun, ularning ma`lumotini 100 foiz to`g`ri deb bo`lmaydi. Shuningdek, yuqorida ta`kidlaganimdek, AirVisualning ko`rsatgichlari soat sayin o`zgarib turadi.

Xayrullo G`afforovdan “AirVisual tashkiloti 2019 yil yakuni bo`yicha tarqatgan ma`lumoti noto`g`rimi shunda”, deb so`raganimizda, u ular o`sha hududda aniqlagan PM2.5 va azon uchun hisoblab chiqqan ma`lumotlari to`g`riligini aytdi (O`quvchi, nima tushunyapsiz?). — Ular butun Toshkent shahri uchun to`la javob berolmaydi. Bunga gidrometralogiya markazi tomonidan 13 ta punktining o`rtacha olingan hisob-kitobi javob beradi. Sababi, bu markaz qurilmalari Toshkent shahrining turli hududlarida joylashgan bo`lib, beshta modda bo`yicha havoning ifloslanishini ayniqlab, o`rtacha ko`rsatgichini chiqarib beradi,– dedi G`afforov.

Mazkur Ekopartiya bilan bo`lib o`tgan ushbu suhbat so`ngida Erkin Omonov shunday dedi: — Sizning ushbu partiyaga bergan savolingiz qulog`imda jaranglab turibdi: Nima uchun O`zbekiston Ekologik partiyasi rahbari xalqni aldadi? (egardan tushsam ham, erga tushmayman)

Xulosa shuki, agar siyosiy partiyalar biror savolga aniq va tiniq javoblar bermasa, xalqni ishontira olmasa, bloger Aqidaxonim aytganidek, bitta partiyagayam ovoz bermaydi xalq. Shuning uchun minbarga balandparvoz va mujmal javob beradigan rahbar-u “faollar”ni chiqarishni bas qilib, haqiqiy etakchi va mutaxassislar bilan partiya safini to`ldirishni o`ylashlari kerak. Zamonning ham, xalqning ham talabi shu, partiyalar esa...

Abduqodir Mo`minov 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar