Jizzax viloyatidagi Mudofaa vazirligiga qarashli “Forish” tog` poligonida besh kun davomida O`zbekiston va Qozog`iston harbiy xizmatchilari hamkorligida tog` tayyorgarligi bo`yicha amaliy va taktik mashg`ulotlar o`tkazildi.
Unda O`zbekiston va Qozog`iston Respublikasi Mudofaa vazirliklari tog` tayyorgarligi o`quv markazining etakchi mutaxassislari ishtirok etishdi.
Dastlabki kuni tashkillashtirilgan yig`ilishda Mudofaa vazirligi tog` tayyorgarligi bo`limi boshlig`i mayor Zokir Yallakaev hamkorlikda o`tkaziladigan mashg`ulotlar dasturi va ularda qo`llaniladigan yangi anjomlardan foydalanish qoidalari bilan tanishtirdi.
Xalqaro mashg`ulotlarning navbatdagi jarayonlari Forish tog`larining tik qoyalari va oddiy sharoitda o`tish qiyin bo`lgan daralaridagi amaliy hamda taktik mashqlar ostida kechdi.
Harbiy xizmatchilar qozog`istonlik hamkasblari bilan birgalikda tog` sharoitida qutqaruv ishlari, jangovar qurollar bilan qoyaga ko`tarilish va tushish, tungi sharoitda nishonlarga aniq o`q otish, shartli dushman guruhini qurshovga olish va yo`q qilish kabi turli vazifalarni bajarishdi.
Mashg`ulotlar yakunida qozog`istonlik harbiylar uchun Samarqand shahri tarixiy obidalari bo`ylab sayohat uyushtirildi. Mehmonlar Registon maydoni, Go`ri Amir maqbarasi, Bibixonim va Xoja Doniyor majmualarini ziyorat qilishdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti






