AsosiyJamiyat

O`zbekistonda maktab o`qituvchilari va direktorlarining fikri xalqaro tashkilot tomonidan o`rganiladigan bo`ldi

'O`zbekistonda maktab o`qituvchilari va direktorlarining fikri xalqaro tashkilot tomonidan o`rganiladigan bo`ldi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiya vakillari Fransiyaga qilgan xizmat safari davomida Xalqaro iqtisodiy hamkorliklar tashkiloti (OECD)da bo`lib, tashkilot mutasaddilari bilan muzokara o`tkazdi. Uchrashuv davomida TALIS (Teaching and Learning International Survey) xalqaro baholash tadqiqotlarida O`zbekistonning ilk ishtiroki yuzasidan kelishuv imzolash bo`yicha ham muzokaralar olib borildi. Bu haqda  Ta`lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi xabar bermoqda. 

Ma`lumot uchun:TALIS o`qituvchilar faoliyati, ish sharoiti va maktabdagi ta`lim muhitini baholashga qaratilgan eng yirik xalqaro tadqiqot hisoblanadi. Tadqiqot maqsadi – ishtirokchi mamlakatlarga samarali o`qitish va o`rganish uchun shart-sharoitlar yaratish qaratilgan ta`lim siyosatini ishlab chiqishda yangi ustuvor yo`nalishlarni ko`rib chiqish va aniqlash imkonini beradigan ishonchli, dolzarb va qiyosiy ma`lumotlar taqdim etishdan iborat.Tadqiqotlar maktab o`qituvchilari va direktorlariga nafaqat milliy, balkim xalqaro daraja o`z fikrini bildirish imkonini beradi.

Fransiyadagi uchrashuv avvalida OECDning TALIS bo`yicha mas`ul bo`lim boshlig`i o`rinbosari Karine Trembley ushbu tadqiqotda ishtirok etish shartlarini tushuntirib berdi.

Ushbu tadqiqotda 200 ta maktab, 4000 nafar o`qituvchi va 200 nafar maktab direktori ishtirok etadi. Ularni tanlash ham PISA tadqiqotlariga o`xshash bo`lib, qaysi bosqich o`qituvchilarini tanlash, nechta tilda so`rovnomalar bo`lishini belgilash OECD va davlat o`rtasida tuziladigan shartnomaga asosan ko`zda tutiladi.

Ilgari TALIS tadqiqotlari har 5 yilda o`tkazilgan bo`lsa, endi esa har 6 yilda o`tkazilishi rejalashtirilgan. 2018 yilda o`tkazilgan TALIS xalqaro baholash tadqiqotlarida 48 ta davlat qatnashgan bo`lib, natijalari 2020 yilda mart-aprel oylarida e`lon qilinadi.

Uchrashuv davomida OECD mutasaddilari TALIS tadqiqotlari aynan PISA o`tkazilgan maktabda bo`lishi shart emasligi, ularning natijalari alohida chiqarilishi, TALIS o`tkazishdan maqsad ta`lim muassasalaridagi ahvolni, o`qituvchilar kompetensiyalarini va muammolarini aniqlash, lekin uning natijalari ham personal muhokama qilinmasligi, natijalariga ko`ra reyting chiqarilmasligini qayd etib o`tishdi.

Shuningdek, navbatdagi TALIS tadqiqoti 2024 yilda o`tkazilishi rejalashtirilgani va unda ishtirok etish uchun O`zbekiston hukumati rasman murojaat qilishi lozimligi ta`kidlandi. Shundan so`ng, shartnoma tuzilib, rasmiylashtirish masalalari ko`rib chiqilishi ma`lum qilindi.

Ma`lumot uchun, Shanxayda TALIS-2013 natijalariga ko`ra o`qituvchilar oylik maoshi 10 % oshirilgan. Avstraliyada o`qituvchilarni oliy ta`limdan keyingi tayyorgarligi bo`yicha yangi dasturlar joriy etilgan, professional standartlar yangilangan. Italiyada “Yaxshi maktab” loyihasi doirasida o`qituvchilar malakasini oshirish uchun qo`shimcha mablag` ajratilib, o`qituvchilarga haq to`lash tizimiga o`zgartirish kiritgan bunda asosiy e`tibor o`qituvchilar faoliyat samaradorligiga qaratildi. Angliyada maktablar uchun 1 kun (yiliga 3 marta) davom etadigan “qisqa tekshiruvlar” joriy etilib, ushbu holat navbatdagi tadqiqotlarda pedagoglar tomonidan “yaxshi” deb baholangan.

 

    Boshqa yangiliklar