AsosiyJamiyat

Toshkentda Turk xoqonligi davri ko`chmanchilarining qabristoni borligi aniqlandi

'Toshkentda Turk xoqonligi davri ko`chmanchilarining qabristoni borligi aniqlandi'ning rasmi

Toshkent shahridan 100 km. shimoli-sharqda, G`arbiy Tyanshan tog`larining dengiz sathidan 1000 metr balandlikdagi etaklaridan o`zbek arxeologlari tomonidan miloddan keyingi VI-VII​ asrlarga oid Turk xoqonligi davri ko`chmanchilarining qabristoni topildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Ushbu qadimiy qabriston sel, qor va yomg`irlar yuzidan emirilishi natijasida ochilib qolgan bo`lib, bu haqda arxeologlarga Toshkent xalqaro maktabi o`qituvchisi Skot Beker xabar bergan edi. 

O`zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi xodimlari bu erga bir kunlik tezkor dala izlanishi safari uyushtirib, qabristonning geografik o`rni, umumiy maydoni, qabrlarning shaklini o`rgandilar, ayrim yuzaga chiqib qolgan topilmalarni, shu jumladan, bir necha bosh chanoq suyagi, sopol idishlar, temirdan yasalgan xanjar, pichoq, uzangi, so`liq, bir necha to`qa, yorg`uchoq tosh va temir eritilgan o`choqning devor parchasini qo`lga kiritdilar.

Qadimiy yozma manbalardan ma`lumki, VI​ asrda Qora dengizdan Tinch okeaniga qadar bo`lgan keng maydonda Turk xoqonligi deb atalgan ulkan imperiya tashkil etilgan bo`lib, bu davlat Markaziy Osiyodagi barcha turkiy xalqlarni markazlashgan bir siyosiy uyushmaga biriktirgan edi. 

Toshkent viloyati esa u davrda Choch deb atalib, bu ulkan siyosiy uyushmaning ma`muriy markazlaridan biri bo`lgan. Sharqni G`arb bilan ulab turgan tijoriy karvon yo`llari yoqasidan o`rin olgan qadimiy Choch, o`zining qulay yumshoq iqlimi, yuzlab chuchuk suvli soylari, unumdor tuproqlari, keng dasht va tog` yaylovlari hamda erosti boyliklari bilan ko`plab xalqlarni o`ziga jalb qilgan edi.

2131.JPG

O`zbek xalqining kelib chiqishida asosiy o`rin tutgan Turk xoqonligi qoldiqlarining topilishi arxeologlar o`rtasida doim hayajon bilan qarshi olinadi. 

Toshkent viloyati hududida bunday topilmalarning oz uchrashi esa ushbu yangi arxeologik yodgorlikning ahamiyatini yanada orttiradi. Shuning uchun ham yildan-yilga emirilib borayotgan bu qabristondagi ochilib qolgan qabrlar tezlik bilan qazib o`rganilishi kerak. 

Shu maqsadda Milliy arxeologiya markazida G`arbiy Tyanshan hududidagi ko`chmanchi madaniyatni o`rganish guruhi tuzilgan bo`lib, ushbu hududda keng arxeologik izlanishlar olib borish rejalashtirilmoqda, deya xabar beradi O`zbekiston Fanlar akademiyasi​.

    Boshqa yangiliklar