2019 yil 18 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “IIBda so`roq qilingan shaxs o`ldi. Yaqinlari uning urib o`ldirilganini iddao qilmoqda” sarlavhasi ostida tarqalgan maqola e`lon qilindi.
Mazkur holat IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan o`rganib chiqildi.
Aniqlanishicha, 2019 yil 16 noyabr kuni fuqaro Djabbarov Nasriddin Kaxorovich tuman IIB boshlig`i nomiga, “O” ismli shaxs “marixuana” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda sotish bilan shug`ullanayotganligini, unga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`rab murojaat qilgan.
Ushbu kuni soat 13:30 larda Bulung`ur tuman IIB JQB xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro O.R. 150.000 so`m evaziga N.Djabbarovga vazni 3,71 gramm “marixuana” giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida ushlanib, yonidan vazni 0,78 gramm “marixuana” giyohvandlik vositasi va tadbirda ishlatilgan 150.000 so`m pullar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan shu kunning o`zida Bulung`ur tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan JKning 273-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, O.R.ga nisbatan ayblov e`lon qilingan va “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Dastlabki tergov davomida N.K.Djabbarov tergovga olib kelinmagan va jinoyat ishi yuzasidan so`roq qilinmaganligi aniqlangan.
2019 yil 16 noyabr kuni soat 16:10 larda N.K.Djabbarov Bulung`ur tumani IIB JQB xizmat xonasida birlamchi xujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida sog`lig`i yomonlashib, qon bosimi ko`tarilishi va yurak xuruji bilan Tez tibbiy yordam mashinasida Bulung`ur tumani tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo`limiga olib borilgan hamda shu erda vafot etganligi ma`lum bo`lgan.
Sud tibbiy ekspertizasining ma`lumotiga ko`ra, N.K.Djabbarovning tanasida tan jarohatlari aniqlanmaganligi, dastlabki sud tibbiy tashxisi – o`tkir yurak qon tomir etishmovchiligi, koronarokardioskleroz, yurakning ishimik kasalligi ekanligi aniqlangan.
Hozirda N.Djabbarovning vafot etganligi holati yuzasidan Bulung`ur tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda va tegishli ekspertiza tayinlangan.
Mazkur holatning barcha tafsilotlari aniqlanib, tergovga qadar tekshiruv yakuniga ko`ra tegishli huquqni muxofaza qiluvchi organ tomonidan to`liq axborot berilishiga qadar fuqarolardan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan asoslanmagan ma`lumotlarga ishonib, nomaqbul izohlar berishlaridan saqlanishlari so`ralmoqda.