Belarus Respublikasi Ikkinchi jahon urushi davlat muzeyi xodimlari Toshkentga tashrif buyurdi. Tashrif davomida mehmonlar uchun Qurolli Kuchlar davlat muzeyida seminar uchrashuv bo`lib o`tdi.
Mazkur uchrashuv Olmazor tumanidagi general Sobir Rahimov haykali o`rnatilgan xiyobonda Ikkinchi jahon urushidagi g`alabaning 75 yilligiga bag`ishlab boshlangan “G`alaba bog`i”ni barpo etish bo`yicha olib borilayotgan ishlar to`g`risida fikr almashish maqsadida o`tkazildi.

Eslatib o`tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoev joriy yilning 25 iyun kuni mazkur hududda bo`lib, “G`alaba bog`i” qurilishi bo`yicha topshiriqlar bergan edi. Ushbu topshiriq asosida bog` konsepsiyasi ishlab chiqilgan.

Ta`kidlash kerakki, bog` hududi “Shon-sharaf” muzeyi ham bunyod etilmoqda. U erdan Ikkinchi jahon urushida jasorat ko`rsatgan o`zbekistonliklar haqidagi ma`lumotlar (video, gazeta, suratlar va h.k) o`rin oladi.

– “G`alaba bog`i” konsepsiyasini yaratish vaqtida bir qator xorij davlatlarining shu turdagi bog`lari, skver va komplekslarining loyihalari o`rganib chiqildi. Ishonchimiz komilki, bog` nafaqat hamyurtlarimiz, balki turistlar uchun ham diqqatga sazovor maskanga aylanadi, – deydi Mudofaa vazirining o`rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov.

Qurilish vazirligi xodimi Gulshoira Magametovaning ta`kidlashicha, bog`ning turli burchaklari milliy an`analarimizga mos ayvonlar hamda interaktiv ma`lumotlar ulashuvchi zamonaviy elektron qurilmalar bilan jihozlanadi. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushida g`alabaga erishgan 35 davlatning bayroq, gerb va xaritalaridan iborat maxsus maydonchalar ham barpo etiladi.








