1

Bojxonachilar jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etdi

Jamiyat 20.11.2019, 16:34
Bojxonachilar jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etdi

Davlat bojxona qo`mitasining Bojxona institutida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bojxona sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.

Jurnalistlarga Davlat bojxona qo`mitasining Kadrlar boshqarmasi va Bojxona instituti rahbariyati tomonidan mavzu yuzasidan batafsil axborotlar taqdim etildi. 

Anjumanning O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 noyabrdagi “O`zbekiston Respublikasi bojxona organlari kadrlarini tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorining qabul qilinganligiga bir yil to`lganligi arafasida tashkil etilganligi bejiz emas.

Ta`kidlash joizki, mazkur qaror bojxona sohasida professional kadrlar tayyorlash tizimida yangicha yondashuv bo`ldi. Qaror ijrosini ta`minlash maqsadida Davlat bojxona qo`mitasining Kadrlar boshqarmasida Ta`lim muassasalari faoliyatini tashkil etish, ta`lim sifatini monitoring va nazorat qilish bo`limi tashkil etildi.

Mazkur bo`lim tomonidan asosiy e`tibor Bojxona institutida kursantlarni o`qitish jarayonida maxsus fanlar bo`yicha o`quv yuklamasi, shuningdek, ixtisoslashtirilgan trenajer-imitasion va dasturiy komplekslarni qo`llash hisobiga amaliy mashg`ulotlar hajmini oshirishga, professor-o`qituvchilar tarkibini yuqori darajadagi kasbiy va pedagogik mahoratga, shu jumladan, amaliy ish tajribasiga ega bo`lgan mutaxassislar bilan jamlashga qaratilmoqda.

Davlat bojxona qo`mitasi tomonidan Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlik bo`yicha yo`l xaritasi loyihasi ishlab chiqilib, unda tashkilotning xalqaro standartlari bo`yicha PICARD bojxona xodimlarini tayyorlash dasturini institutning ta`lim tizimiga integrasiya qilish nazarda tutilmoqda. 

Institutdagi ta`lim tizimi o`qitishning innovasion shakllarini o`z ichiga olganligi va amaliyotga yo`naltirilganligi bilan ahamiyatlidir. 

Endilikda institutning bitiruvchi kurs kursantlarining o`quv jarayonida olgan nazariy bilimlarini amaliy ko`nikmalar bilan mustahkamlash maqsadida munatazam ravishda bojxona postlarida sayyor amaliy o`quv mashg`ulotlari o`tkazib kelinmoqda. 

Yana bir yangilik xodimlarning malakasini oshirib borish maqsadida masofaviy va kunduzgi ta`lim shakllarini birlashtirgan holda videokonferensiya tarzidagi qisqa muddatli o`quv kurslari joriy etilib, natijasi bo`yicha esa “on-line” test sinovlari olinmoqda.

Ta`lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar esa o`zining samarasini bermoqda. Masalan, institutning 4 kurs kursanti Mushtariy Ismatova Sankt-Peterburg shahrida “i-Customs, Xalqaro biznes, innovasiyalar va bojxona tomonidan tartibga solish” VI Xalqaro yoshlar konferensiyasida  o`zining bojxona sohasini rivojlantirishga oid zamonaviy tashabbus va loyihalari bilan ishtirok etib, 1-o`rinni qo`lga kiritdi.

Eng muhim yangiliklardan yana biri institut professor-o`qituvchilari hamda bojxona organlari xodimlari tomonidan bojxona sohasiga doir olib borilayotgan tadqiqot natijalarini chop etib borishni yo`lga qo`yish maqsadida joriy yildan boshlab “O`zbekiston bojxona axborotnomasi” ilmiy jurnali chop etilishi yo`lga qo`yildi.

Anjumanda jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javoblar berildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1