O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida Belarus – O`zbekiston qo`shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikasiyalar institutini tashkil etish to`g`risida”gi qarori e`lon qilindi.
Qarorga muvofiq, Toshkent shahrida Belarus – O`zbekiston qo`shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikasiyalar instituti 2020/2021 o`quv yilidan ta`lim faoliyatini boshlaydi.
Institutning asosiy faoliyat yo`nalishlari va vazifalari etib yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni bakalavriat ta`lim yo`nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo`yicha tayyorlash va boshqalar belgilandi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Institutning ta`sischisi, Belarus milliy texnika universiteti va Respublika kasb-hunar ta`limi instituti (Belarus Respublikasi) Institut faoliyatini tashkil etish ishtirokchilari hisoblanadi.
Institut O`zbekiston Respublikasi rezidenti bo`lib, yuridik shaxs maqomiga ega bo`lgan davlat muassasasi shaklidagi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi.
Institut oliy malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bilan shug`ullanadi.
Bitiruvchilarga ta`lim yakunlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasida oliy ta`lim to`g`risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Belarus milliy texnika universitetining oliy ta`lim to`g`risida belgilangan namunadagi diplomi topshiriladi.
Qabul parametrlari va qo`shma ta`lim dasturlari Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi bilan kelishilgan holda ta`sischi va ishtirokchilarning asoslangan takliflariga binoan manfaatdor vazirliklar va idoralarning kadrlarga bo`lgan ehtiyojlari asosida Vasiylik kengashi qarori bilan tasdiqlanadi.
Institutda to`lov-kontrakt asosida ta`lim uchun to`lovlar miqdori O`zbekiston Respublikasi hududida ta`sischi tomonidan, Belarus Respublikasi hududida – Belarus milliy texnika universiteti tomonidan belgilanadi.
Davlat grantlari asosida ta`lim olgan bitiruvchilari O`zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalari va tashkilotlarida kamida uch yil ishlab berish sharti bilan ishga taqsimlanadi.
2021 yilda Navoiy shahrida Institutning sanoatning ustuvor yo`nalishlari, injiniring, texnologiyalar va IT-dasturlash bo`yicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan filiali tashkil etiladi.






