Joriy yilning 16 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini ta`minlash hamda er uchastkalarini olib qo`yish va kompensasiya berish tartibini takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Shunga muvofiq, Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi bir nechta yangiliklarni keltirib o`tgan:
Er uchastkalarini olib qo`yish va kompensasiya berishning yangi tartibiga ko`ra endilikda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, shuningdek investisiya loyihalarini amalga oshirish doirasida er uchastkasi yoki uning bir qismini olib qo`yish er egasining roziligi bilan yoki erdan foydalanuvchi va ijarachi bilan kelishgan holda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari Kengashlari, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga binoan amalga oshiriladi;
Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va hokimliklarning olib qo`yilayotgan er uchastkasida joylashgan ko`chmas mulk ob`ektini buzib tashlash to`g`risidagi qarori adliya organlarining ijobiy xulosasi mavjud bo`lgandagina qabul qilinadi;
er uchastkasini olib qo`yish tashabbuskori (hokimlik yoki investor) hamda olib qo`yilayotgan er uchastkasida joylashgan ko`chmas mulk ob`ektining mulkdori o`rtasida tuziladigan kompensasiya berish to`g`risidagi kelishuv majburiy tarzda notarial tasdiqlanadi.
Shuningdek, Mahalliy davlat hokimiyati organlarida er uchastkalari olib qo`yilishi va kompensasiya berish ishlarini muvofiqlashtirish sho``basi tashkil etilib, buziladigan ko`chmas mulk ob`ektlari mulkdorlariga kompensasiya berish uchun etarli resurslar (mablag`lar, er uchastkasi va boshqa mulk) mavjudligini o`rganish;
Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi yoki tegishli xalq deputatlari Kengashiga kiritish uchun bo`lajak qurilish ob`ektining loyiha hujjatlarini taqdimot materiallari shaklida tayyorlash;
olib qo`yilishi rejalashtirilayotgan er uchastkasida joylashgan ko`chmas mulk ob`ektlari mulkdorlari bilan ochiq muhokamani tashkil etish;
er uchastkasi olib qo`yilishi tashabbuskori va ko`chmas mulk ob`ektlari mulkdorlari o`rtasida tuzilgan, kompensasiya miqdori, turi va berish muddati nazarda tutilgan kelishuvlar hisobini yuritish;
kompensasiyalar o`z vaqtida va to`liq berilishining doimiy monitoringini olib borish;
er uchastkalari olib qo`yilishi, kompensasiya berilishi, ko`chmas mulk ob`ektlari buzilishi, shuningdek, olib qo`yilgan er uchastkasida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari haqida Vazirlar Mahkamasiga ma`lumotlar kiritib borish.
Zarur hollarda tuman (shahar) hokimliklarida er uchastkalari olib qo`yilishi va kompensasiya berish ishlari bo`yicha bosh mutaxassis lavozimi kiritilishi mumkin.
Shuningdek qaror bilan Er uchastkalari olib qo`yilishi va olib qo`yilayotgan er uchastkasida joylashgan ko`chmas mulk ob`ektlari mulkdorlariga kompensasiya berish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Xo`sh, qanday hollarda er uchastkasi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yiladi?
Mazkur Nizomda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun er uchastkalarini olib qo`yishga qanday maqsadlarda yo`l qo`yilishi mumkinligi aniq qilib belgilandi. Unga ko`ra endilikda ushbu turdagi er uchastkasini olib qo`yishga faqat quyidagi maqsadlarda yo`l qo`yiladi:
mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyati uchun erlarni berish;
xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;
avtomobil yo`llari va temir yo`llar, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigasiya ob`ektlari va aviatexnika markazlari, temir yo`l transporti ob`ektlari, ko`priklar, metropolitenlar, tunnellar, energetika tizimi ob`ektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat ob`ektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
aholi punktlari bosh rejalarini O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag`lari hisobiga ob`ektlar qurish qismida ijro etish, shuningdek, qonunlar va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida to`g`ridan-to`g`ri nazarda tutilgan boshqa hollar.
Qanday hollarda er uchastkasi investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun olib qo`yilishi mumkin?
Agar ushbu investisiya loyihasini amalga oshirish bevosita O`zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan bo`lsa.
Xususan, davlat dasturlarida nazarda tutilgan, fuqarolarning yashash va maishiy sharoitlarini, shuningdek muayyan hududni rivojlantirish va arxitektura qiyofasini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo`lgan ob`ektlarni qurishni nazarda tutuvchi loyihalar.
Diqqat! TAQIQLANADI!
Qarorga muvofiq er uchastkalarini:
Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va hokimliklarning er uchastkalarini ajratib berish to`g`risida avval qabul qilingan qarorini bekor qilish yoki unga o`zgartirish kiritish, shu jumladan, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, hokimliklar yoki boshqa davlat organi tomonidan ma`muriy tartib-taomillarga rioya etilmaganligi sababli bekor qilish yoki unga o`zgartirish kiritish yo`li bilan;
hududni rivojlantirish va arxitektura qiyofasini yaxshilashga qaratilgan investisiya loyihalari bevosita mulkdor tomonidan amalga oshirilgan taqdirda olib qo`yilishiga yo`l qo`yilmaydi.
Shuningdek mulkdorlarga umumiy foydalanishdagi avtomobil yo`llarini, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko`chalarini,
muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarini yaxshilash majburiyatini yuklash taqiqlanadi.
Kompensasiya turlari nimalardan iborat?
Qarorda ko`chmas mulk ob`ektlari buzib tashlanishi munosabati bilan beriladigan kompensasiya turlari etib quyidagilar belgilangan:
pul mablag`lari;
boshqa ko`chmas mulk ob`ektini mulk qilib berish;
er uchastkasi;
kompensasiya berish to`g`risidagi kelishuvda nazarda tutilgan kompensasiyaning boshqa turlari.
Kompensasiya qanday manbalar hisobiga qoplanadi?
Kompensasiya:
Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va hokimliklarning tegishli markazlashtirilgan jamg`arma mablag`lari;
investorlarning mablag`lari (investisiya loyihalari uchun);
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
Kompensasiya berilgach...
Mulkdorlarga kelishilgan kompensasiya berilganidan so`ng:
mulkdor tomonidan ko`chmas mulk bo`shatib beriladi;
hokimliklar tomonidan ko`chmas mulkni buzib tashlash to`g`risidagi qaror loyihasi adliya organlariga xulosa olish uchun yuboriladi;
adliya organlari kompensasiya berilganligi, uy-joylar amalda to`liq bo`shatilganligi va boshqa holatlarni o`rganadi va o`z xulosasini hokimliklarga taqdim etadi;
adliya organlarining xulosasi ijobiy bo`lgan taqdirdagina ko`chmas mulkni buzib tashlash to`g`risidagi qaror qabul qilinadi.
Kompensasiya berilmaguncha ko`chmas mulklarni buzib tashlashga yo`l qo`yilmaydi.
Yana qanday yangiliklar kutilmoqda?
Joriy etilayotgan tartibga ko`ra:
er uchastkasini olib qo`yishga zarurat tug`ilganda birinchi navbatda hokimlik yoki investor va mulkdorlar o`rtasida OAV ishtirokida ochiq muhokama o`tkaziladi;
hokimlik yoki investor tomonidan dastlabki hisob-kitoblar amalga oshiriladi, shuningdek, kompensasiya berish uchun etarli resurslar mavjudligi o`rganiladi;
hokimliklar er uchastkasi olib qo`yish to`g`risidagi qaror qabul qilish vakolatiga ega bo`lmaydi;
olib qo`yilishi rejalashtirilayotgan er uchastkasidagi ko`chmas mulklar baholovchi tashkilot tomonidan baholanadi;
hokimlik yoki investor va mulkdorlar o`rtasida kompensasiya turi, miqdori va berish muddati kelishiladi va ushbu kelishuv notarial tartibda tasdiqlanadi;
hokimlik yoki investor tomonidan mulkdorlarga kompensasiya berish ishlari amalga oshiriladi.
Xulosa o`rnida
Qaror bilan er uchastkalarini olib qo`yish va undagi ko`chmas mulk ob`ektlarini buzishning yangi tartibi joriy etilishi fuqarolar va tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini yanada mustahkam himoya qilinishini ta`minlaydi. Mulkdorlar huquqlariga rioya etilishi bo`yicha qo`shimcha kafolatlarning belgilanishi esa ularga tegishli bo`lgan mulklarning behudaga olib qo`yilishi yoki buzib tashlanishining oldini olishga xizmat qiladi.
Mazkur qaror va bunga oid boshqa qonun talablari ijrosini nazorat qilish prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Eslatib o`tamiz, mazkur tartib 2020 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.






