"Jamiyat" gazetasi muxbiri, shuningdek, Samarqand viloyat gazetasi muharriri bo`lgan shaxs bog`cha mudirasi bilan til biriktirib, jinoyatga qo`l urdi. Bu haqda darakchi.uz'ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati rahbari ma`lum qildi.
Keltirilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda firibgarlik va pora berishga dalolat qilish jinoyati fosh etildi.
Xususan, Kattaqo`rg`on tumanidagi bog`cha mudirasi T.E. “Kattaqo`rg`on haqiqati” gazetasi muharriri (“Jamiyat” gazetasining muxbiri) Sh.Q. bilan til biriktirib, tumandagi boshqa bir Maktabgacha ta`lim muassasasida moliyaviy nazorat boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan tekshiruvda aniqlangan kamchiliklarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilmasligi va jinoyat ishi qo`zg`atilmasligini hal qilib berish evaziga MTM mudirasi D.B.dan 3 000 AQSh dollarini talab qilib olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bundan tashqari, tezkor tadbir jarayonida mazkur shaxslarning muqaddam sodir etgan yana bir jinoyati fosh etildi.
Aniqlanishicha, “Kattaqo`rg`on haqiqati” gazetasi muharriri Sh.Q. 22.08.2019 yilda viloyatdagi MTMga kelib, aslida “Kattaqo`rg`on haqiqati” gazetasi muharriri bo`lsada o`zini go`yoki “Kun.uz” internet sayti muxbiri deb tanishtirib, uni aldab va ishonchiga kirib, muassasada tekshirish o`tkazish va kamchiliklarni aniqlab internetda chop etib, D.B.ni ishdan bo`shatish hamda jinoyat ishi qo`zg`atish bilan qo`rqitib, bu ishni amalga oshirmasligi uchun jinoiy sherigi bog`cha mudirasi T.E.ning telefon raqamini berib, unga uchrashishini aytgan.
O`z navbatida T.E. mudira D.B.ga “Kun.uz” saytining “muxbirlari” bilan bog`liq ishi hal bo`lishi uchun 3 000 AQSh dollari berishi lozimligini aytib, undan 2900 AQSh dollari va tilla taqinchog`ini olgan.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan Kattaqo`rg`on tumani bog`cha mudirasi T.E. va “Kattaqo`rg`on haqiqati” gazetasi muharriri va “Jamiyat” ijtimoiy-siyosiy gazetasining viloyat muxbiri Sh.Q.larga nisbatan JKning 168-moddasi va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






