“Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yoshlarni madaniyat va san`at muassasalariga keng jalb etish orqali ularning bo`sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish tizimini yanada rivojlantirish to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Andijon viloyatida yoshlarni madaniyat va san`at muassasalariga jalb qilish orqali bo`sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish tizimi (http://lex.uz/docs/4489925) respublikaning boshqa hududlarida ham keng joriy etiladi.
“O`zbekiston xalq artisti”, “O`zbekiston xalq rassomi” kabi bir qator faxriy unvonlarga ega bo`lgan san`atkorlar, ijodkorlar va madaniyat xodimlari, “Nihol” mukofoti sovrindorlari hokimliklarga madaniyat va san`at masalalari bo`yicha ijodiy maslahatchi sifatida jamoatchilik asosida biriktirildi.
Mazkur ijodiy maslahatchilarning asosiy vazifasi tegishli hududdagi yoshlarni madaniyat va san`atga keng jalb etish yuzasidan hokimliklarga metodik, ijodiy va tashkiliy jihatdan yordam berishdan iborat.
Shuningdek, qarorga ko`ra 2019 yil yakuniga qadar har bir tuman va shahar markaziy madaniyat markazida jamoatchilik shaklida bittadan teatr jamoasi, vokal cholg`u ansambli, ashula va raqs ansambli hamda namunaviy bolalar ansambli tashkil etiladi.






