Joriy yilning 18 noyabr kuni Mozori-Sharif shahrida (Afg`oniston) O`zbekiston Respublikasi va Afg`oniston Islom Respublikasi aviasiya ma`muriyati o`rtasida muzokaralar bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi delegasiyasini Afg`oniston fuqaro aviasiyasi boshqarmasining huquq va xalqaro shartnomalar departamenti direktori janob Xalilulloh Abaviy qabul qildi.
Muzokaralar davomida aviasiya qatnovlari sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati hamda kelgusida o`zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari haqida so`z bordi.
Kun tartibidagi masalalar bo`yicha konstruktiv fikr almashildi, shuningdek, Afg`oniston va O`zbekiston o`rtasida parvozlarni ko`paytirish hamda tayinlangan aviakompaniyalarning parvozlari geografiyasini kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Muzokaralar yakuni bo`yicha Mozori-Sharif shahridan Toshkentga parvozlarni boshlash uchun huquqiy asos hisoblangan tegishli kelishuvlarga erishildi.
Afg`on tomoni “Kam Eyr” aviakompaniyasi tegishli tashkiliy-texnik tartibotlar yakuniga etgandan so`ng Mozori-Sharif shahridan Toshkentga muntazam reyslarni amalga oshirish uchun tayyorligini bildirdi (taxminan joriy yilning dekabr oyida).