Saytimiz o`quvchilari tahririyatimizga tibbiyot va salomatlikka oid turli savollar bilan murojaat qilishadi. Ular orasida hozirda ko`p uchraydigan bo`yin og`rishi haqidagi savollar ham bor. Shu mazmundagi savollarga travmatolog-ortoped Saidazizxon Saidahmadxonov quyidagicha javob berdi:
– Bo`yindagi og`riqning bir necha sababi bo`lishi mumkin. Avvalo unutmang, tanadagi har qanday noxushlik organizmning sizga bergan signali bo`lishi mumkin. Bo`yindagi og`riq avvalo artrit xastaligi alomatidir. Shuningdek bu4nga quyidagilar ham sabab bo`lishi mumkin.
1. Noto`g`ri o`tirish yoki uxlash
Noqulay holatda uxlash bo`yindagi og`riqqa sabab bo`lishi aniq. Ishda stulda uzoq o`tirib ishlash ham bukchayib o`tirish va bo`yin umurtqasi noto`g`ri bukilishiga olib keladi. Bunda umurtqa S shaklini oladi va bo`yin umurtqasiga og`irlik tushadi. Maslahat: ishlaganda tez-tez holatingizni o`zgartiring, mashq qilib turing.
2. Chekish
O`pka xastaliklari, bo`yin umurtqasidagi og`riqlarning asosiy sababi – kashandalik.Negaki chekish umurtqa disklarini suvsizlantirib, suyaklardagi emirilish jarayonini tezlashtiradi.Bu umurtqadagi muammolarga olib keladi.Shuningdek, chekish oqibatida tomirlar torayib, bo`yinga qon etib bormaydi. Maslahat: chekishni tashlang.
3. Telefonga “yopishib” qolish
“Sotka” orqali doimiy onlayn muloqot nafaqat bo`yin, balki qo`l va ko`zlarni ham charchatadi. Telefonga egilib o`tirganda bo`yinga doimiy zo`riqish tushadi.Maslahat: smartfon bilan ishlash vaqtini kamaytiring. Jismoniy harakatchan bo`ling.
4. Mushak, nerv yoki limfa shamollashi
Terlab turib shamolga chiqdingizmi? Yoki salqin havoda sharfsiz yurdingizmi? Bu mushaklar shamollashi – miozitdan darak beradi. Shish bo`lsa – limfa tuguni yallig`lanishidan dalolat. Maslahat: shifokor ko`rigiga boring.