O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 22 noyabr kuni qishloqlar va shaharlarda aholini uy-joy bilan ta`minlashning yangi tizimini joriy etish bo`yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokamasiga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Ma`lum qilinishicha, endilikla aholining kam ta`minlangan qatlamini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash bo`yicha mutlaqo yangi, eng muhimi, aniq manzilli tizim joriy etiladi. Buning uchun shaharlarda 10 ming 800 ta ehtiyojmand oilaga uyning boshlang`ich badali va kredit foiz xarajatlarini to`lashi uchun byudjetdan subsidiya ajratiladi. Ushbu subsidiyalar orqali Toshkent shahrida 12 foiz, boshqa hududlarda 10 foizdan yuqori kredit foizlari hamda boshlang`ich badali qoplab beriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoev uy-joy sotib olish uchun boshlang`ich badal va ipoteka krediti foizini qisman qoplash masalasida tanish-bilishchilik va boshqa suiiste`molchilik holatlariga barham berish kerakligini aytdi. Byudjetdan ajratiladigan subsidiyalar aynan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga etib borishini so`zsiz ta`minlash lozim.
Subsidiya uchun kelgusi yil byudjetidan 1 trillion so`mga yaqin mablag` ajratiladi va umuman olganda 16 mingta oilaning shahar va qishloqlarda uy-joylar sotib olishini qo`llab-quvvatlashga yo`naltiriladi.
Aholi subsidiya olish uchun talaygina hujjatlar to`plab, qator idoralarda sarson bo`lib yurish hollariga chek qo`yiladi. Endi arizalar Iqtisodiyot va sanoat vazirligining hududiy boshqarmalarida tashkil etilgan doimiy komissiyalarda ko`rib chiqiladi va kam ta`minlangan oilalarning manzilli ro`yxati shakllantiriladi.
Ushbu komissiyalar tarkibida bank, moliya, soliq, mehnat, mahalla va boshqa idoralar vakillari bo`ladi. Bundan tashqari, komissiya yig`ilishida istagan fuqaro ishtirok etib, o`z fikrini bildirishi mumkin bo`ladi. Qolaversa, subsidiya berish masalasi keng jamoatchilik bilan muhokama qilinishi lozim bo`ladi.
Har bir viloyat hokimligi 2020 yilda uy-joy sotib olish uchun kam ta`minlangan oilalarni aniqlash, ularga navbat bilan subsidiya to`lash tartibi va mezonlarini ishlab chiqib, o`z hududlarida ijobiy tajriba joriy etishlari zarurligi ta`kidlandi.