Hukumat tomonidan “Davlat boshqaruvida ilg`or davlat menejmenti va “aqlli” boshqaruv prinsiplarini bosqichma-bosqich joriy etishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari uchun professional boshqaruvchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimida masofaviy ta`lim texnologiyalarini o`z ichiga olgan davlat boshqaruvida menejment va “aqlli” boshqaruv prinsiplari bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Shuningdek, “Boshqaruv kadrlari portali” yaratilib, 2020 yil 1 martga qadar ishga tushiriladi.
Portal foydalanuvchilarining yagona elektron bazasini shakllantirish va yangilab borish, shuningdek ularning kasbiy va shaxsiy o`sishiga ko`maklashuvchi masofaviy ta`lim texnologiyalarini joriy etish Portalning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Qarorga ko`ra, 2019 yil 1 dekabrdan boshlab Toshkent viloyati Bo`ka tumani va Angren shahrida tajriba-sinov tariqasida rahbar kadrlar faoliyati samaradorligiga doimiy ravishda baho berib borish tizimi joriy etiladi va ushbu tizim 2020 yil 1 avgustga qadar amalga oshiriladi.
Tajriba-sinov yakunlari bo`yicha ushbu tizim keyinchalik butun respublika hududida joriy etiladi.
2020 yil 1 fevralga qadar davlat organlarining “Xalqqa – ko`makchi, tadbirkorga – biznes hamkor” sifatida faoliyat ko`rsatishini kengaytirish maqsadida maxsus elektron platforma yaratiladi va ishga tushiriladi.