25

4-sinf o`quvchilari velosiped haydashni o`rganishlari shart! (Foto)

Jamiyat 03.12.2019, 12:36
909
4-sinf o`quvchilari velosiped haydashni o`rganishlari shart! (Foto)

Avval xabar berganimizdek, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) va O`zbekiston Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi rahbari Gulnora BOBOJONOVA hamkorligida tashkil qilingan Germaniya safaridagi tashrifida bo`ldik...

Bavariya ko`chalari bo`ylab harakatlanar ekansiz, har qadamda velosipedlarga ko`zingiz tushadi. Istalgan kishi elektron tarzda pulini to`lab, velosipedni haydab ketaveradi. Bu haqida batafsil ma`lumot olish uchun Bavariyaning ta`lim tizimi haqida to`liqroq ma`lumot olish uchun Myunxendagi Franz Mark gimnaziyasi dinshunoslik fanidan dars beradigan o`zbek o`qituvchisi Habiba Hamdamovaga yuzlandik... 

— Har qadamda velosipedlarni ko`rish mumkin. Hatto yosh bolalar ham bemalol velosiped haydab yurishibdi. Buning uchun maxsus darslar ham o`tiladimi?

— Bola boshlang`ich maktabga borganida – 1-sinfdanoq suzish darslari joriy qilingan. Bordiyu 3-sinfgacha ham o`quvchi suzishni o`rganolmasa, maktab o`z hisobidan qo`shimcha suzish darslari fakultetining darslarida o`qitadi. Bu mutlaqo bepul. 

4-sinfdan esa majburiy velosiped haydash qonun-qoidalari o`rgatiladi. Bunda barcha tumanlardagi polisiya boshqarmalaridagi xodimlar o`qituvchilik qiladi. 4-sinf o`quvchilari velosiped haydashni o`rganishlari shart. Birinchi navbatda nazariy bilimlar o`tiladi. Bu darslar jismoniy tarbiya o`qituvchisi va polisiya xodimi hamkorlikda olib boriladi. Amaliy mashg`ulotlar polisiya boshqarmasidagi velomaydonda olib boriladi. Bir yildan so`ng esa o`quvchilar velosiped haydashdan imtixon topshiradi, muvaffaqiyatli o`tganlar esa haydovchilik guvohnomasiga ega bo`ladi. Imtixondan o`tolmaganlarga haydovchilik guvohnomasi berilmaydi. Biroq o`quvchilarning ruxini tushirmaslik uchun ularga yana 2ta imkoniyat beriladi. Shuning uchun ham 100 foiz o`quvchilar velosiped boshqarish bo`yicha haydovchilik guvohnomasiga ega bo`ladi. 

Ko`pchilikda “velosiped haydash nima uchun muhim?” degan savol tug`ilishi mumkin. Sababi shundaki, Germaniyada velosiped haydovchilari mashina va piyodalar yo`lakchasida, velosipedni qanday boshqarishni bilishi kerak. Yosh bolalar esa 4-sinfga o`tgandagina mashina yo`lda ham velosiped haydash huquqiga ega bo`ladi.

Yana bir muhim jihat bu – Germaniyada chet elliklar ko`p bo`lgani uchun ularni qo`llab-quvvatlash uchun bolalarga bepul nemis tili darslari joriy qilingan. Kerak bo`lsa, bepul o`qituvchi ham yollanadi. 

 

Sadoqat ALLABERGANOVA,

Germaniya.

Шарҳлар